Toshkentdagi ayrim ko‘chalarda tezlik 80 km/soatgacha oshirilishi mumkin
Jamiyat
−
12 avgust 2025 5496 1 daqiqa
Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida harakat tezligini 80 km/soatgacha ko‘tarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov bugun, 12 avgust kuni xalq deputatlari shahar kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Yig‘ilishda Toshkent shahrining Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish hamda Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida transport vositalari uchun cheklangan yuqori tezlik chegarasini 80 km/soatga o‘zgartirish hamda 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakat yo‘nalishini tashkil etish taklif etildi.
Bildirilishicha, mazkur tashabbus o‘rganishlar natijalari, shuningdek, mahalliy va xorijiy tajriba tahlili asosida tirbandlik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l harakati qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadida ilgari surilmoqda
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 3 apreldagi “Yo‘l harakati qoidalariga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan shaharlarda ruxsat etilgan tezlik chegarasi 70 dan 60 km/soatga tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Surxondaryo viloyati hududidan o‘tgan Termiz-Boysun avtomobil yo‘lida harakat tezligi me’yori 130 kilometr/soatgacha oshirilishi mumkinligi xabar qilingandi.
Live
Barchasi“Open budget” boshlandi
09:37