Toshkentdagi “16-shifoxona” bolalar bilan to‘ldi. Ular zaharlanganmi?

Salomatlik

Bugun, 23 sentyabr kuni Toshkentda 160 dan oshiq bolalar ommaviy zaharlangan bo‘lishi mumkin. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga ota-onalardan murojaat yetib keldi. Ularning aytishicha, bolalarning zaharlanishiga yaqinda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida (MTM) tarqatilgan yod preparati sabab bo‘lgan. Holatga aniqlik kiritish maqsadida tahririyat muxbiri Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markaziga yetib bordi va ota-onalar hamda shifokordan intervyu oldi.

Hammada bir xil alomatlar kuzatilmoqda

“Ikki nafar o‘g‘lim 599-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga boradi. MTM xodimlari Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i bilan bolalarimizga dori bergan. Oqibatda farzandimiz og‘ir ahvolga tushib qoldi. 20 sentyabr kuni dori ichirilgan bo‘lsa, ikki kun davomida o‘g‘illarimdan biri deyarli ovqat yemadi. Faqat qayt qilish holatlari kuzatilib, isitmasi ko‘tarildi. Ikkinchi o‘g‘limda ham xuddi shunaqa alomatlar kuzatilgach, har ikkisini ham shu shifoxonaga olib kelishga majbur bo‘ldik. Kelsam, tumonat odam. Maktab va bog‘cha bolalarini olib kelayotganlarning keti uzilmayapti. Shifokorlar o‘g‘limni tekshirdi, ayni paytda davolash jarayoni ketyapti”, dedi Sergeli tumanidan kelgan Faxriddin Qo‘chqorov.

Yana bir bemor bolaning onasi uning farzandida ham xuddi shunday alomatlar kuzatilganini ma’lum qildi.

“Qizim 566-sonli davlat MTMga boradi. Chorshanba, ya’ni 20 sentyabr kuni uning issig‘i ko‘tarilib ketdi. Qorni og‘riyotganini aytib, ertalabdan qayt qilishni boshladi. Shundan keyin isitmasi 39,5-39 darajagacha yetdi. Balki tomog‘i og‘riyotgandir, deya uyda davolashga harakat qildim. Lekin shunda ham issig‘i 37,5ga tushdi, xolos. Yaxshi ovqatlanmay qoldi, har hojatga kirganida esa ichi kela boshladi. Keyin internetga kirib qarasam, shunaqa hodisalar. Bog‘cha opasiga telefon qilib, qizimga dori bergani yoki yo‘qligini so‘radim. U esa “Dori berilgandi, lekin to‘kib qo‘ydik. Shundan keyin bolalarga yod preparati berilmadi”, deb aytdi. Qanaqasiga to‘kib qo‘yadi? Axir dori kapsula ko‘rinishida bo‘lgan, qizim aytdi”, dedi Yangihayot tumanida istiqomat qiluvchi Ziyoda Rixsiyeva. 

Og‘izdagi gap qog‘ozdagiga to‘g‘ri kelmayapti

QALAMPIR.UZ muxbiri Respublika tez tibbiy yordam markazi Toksikologiya bo‘limi mudiri Ne’mat Eshboyevdan ham intervyu oldi. U esa mazkur holatlar doridan zaharlanish emasligini aytdi. 

“Ikki kun davomida toksikologiya qabul bo‘limiga murojaatlar soni ko‘paydi. Kecha, 22 sentyabr kuni 50-60 nafar bola olib kelingan bo‘lsa, ularning deyarli 90 foiziga ambulator yordam ko‘rsatildi. Ularni palatalarga yotqizishga hojat yo‘q. Qolganlarini esa yashash joyidagi tibbiyot maskanlariga jo‘natdik. Bugun esa hozirgacha (soat 17:00 holatiga ko‘ra) 30-40 nafar atrofidagi bemor bolalar olib kelindi. Ammo qilingan murojaatlarda gastrizatsiya qilishga, yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatishga asos yo‘q. Olib kelingan bemorlarning 90-95 foizida doridan zaharlanish holati tasdiqlanmayapti. Ko‘pchiligida o‘tkir ichak infeksiyasi yoki respirator virusli infeksiyalari tasdiqlanyapti. Ularga tegishli yordamlarni berib, o‘z hududidagi pediatrlarga yoki yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jo‘natyapmiz. Bolalar, asosan, har xil turdagi dorilardan zaharlanish gumoni bilan olib kelinyapti. Lekin tekshiruv davomida shu narsa aniq bo‘ldiki, ko‘p bolalarda o‘tkir respirator infeksiya, yoki o‘tkir ichak infeksiyasi aniqlangan”, dedi shifokor.

Uning aytishicha, shifokorlar tomonidan olingan tahlillarga ko‘ra, bolalarda vahimali, og‘ir holatlar uchramayapti. Ularning barchasida yengil darajadagi grippga o‘xshash alomatlar yoki o‘tkir zaharlanish holatidagi alomatlar mavjud.

Ajablanarli tomoni shundaki, muxbir bilan suhbatlashgan ayrim ota-onalarning farzandlariga doridan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan va xuddi shunday yozilgan ma’lumotnomalar berilgan.

“Shifokorlar qizimni tekshirib, undan analiz olishdi. Dastavval, menga uning ahvoli yaxshi ekanini aytib, dadasi kirsa, doridan zaharlanish deb yozilgan analiz qog‘ozini beribdi. Shunga endi bu qog‘oz bilan nima qilishni ham bilmayapmiz”, dedi bemor qizini shifoxonaga olib kelgan Ziyoda Rixsiyeva.

Boshqa bir ona ham uning farzandi bilan sodir bo‘lgan holat doridan zaharlanish ekanini tez tibbiy yordam xodimlari ham, shifokorlar ham tasdiqlaganini bildirdi.

“Tez tibbiy yordam chaqirganimizda bolamning doridan zaharlanganini aytishdi. Keyin qizimni shu shifoxonaga olib keldik. Shifokorlar qizimni tekshirib, davolashdi. Bugun ikkinchi kun, qizimning istimasi tushgach chiqib ketyapmiz”, dedi qizi sog‘aygan ona.

Bolalarga yod preparati berilishidan oldin ularning ota-onalari ogohlantirilmagan

Ayrim ota-onalar maktab va MTMda farzandlariga yod preparati berishdan oldin ulardan ruxsat olinmaganini, bolalari bunday dori ichganini faqatgina ularning o‘zidan eshitganini bildirdi.

“Mening xabarim yo‘q edi. Hech kim bizdan bolangizga shunday dori beryapmiz, rozimisiz deb so‘ramadi. Farzandim ovqat yemay, qayt qilavergach o‘zidan nima yeganini so‘radik. U esa maktabda qandaydir dori berilganini aytdi. O‘qituvchisidan so‘rasak, yod ekan. Xo‘p, shu dorini berar ekan, nega bizdan bir og‘iz so‘ramaydi? Bu dori sinovdan o‘tganmi, xavfsizmi bilishimiz kerakku?!" dedi shifoxona eshigi tagida o‘tirgan otalardan biri.

Shifokorning ma’lum qilishicha, yod mahsulotlarini profilaktika maqsadida iste’mol qilish zarur ekanini aytib, uning ham nabiralari aynan shu preparatni ichgani, ammo unda noxush holatlar kuzatilmaganini ma’lum qildi.

“Respublikamiz dengizdan uzoqda joylashgani sababli har doim fuqarolarda yod tanqisligi kuzatilgan. Bunday mahsulotlarni uyda o‘z farzandlarimizga ham berib kelganmiz. Lekin ularda hech qanday zaharlanish alomatlari bo‘lmagan. Doridan zaharlanish degan shubha xalq ichida urchiyapti. Lekin respublikada ishchi komissiya tuzilgan. Ular tomonidan bunday holatlar tekshirilyapti. Shu sababli tahlillar natijasini kutishimiz kerak. Vahima qilishga hojat yo‘q, hammasi nazorat ostida”, dedi u.

QALAMPIR.UZ muxbirining nima uchun aynan hozir bunday murojaatlar ko‘payayotgani to‘g‘risidagi savoliga Toksikologiya bo‘limi shifokori shunday javob berdi:

“Har yili kuz oylari boshlanishi bilan maktab va bog‘chalar o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu paytda bolalar bir-biri bilan tanishadi va shu oqibatda virusli infeksiyalar bir-biriga yuqadi. Lekin shu paytgacha yoddan zaharlanganlik holati bo‘yicha bironta ham bola bizga murojaat qilib kelmagan. Shu paytgacha bolalar virusli infeksiyalarga chalinganda turli shifoxonalarga murojaat qilishgan. Hozir esa barcha shu doridan zaharlanish deb o‘ylab, faqat Toksikologiya bo‘limiga murojaat qilishmoqda”.

“Bolalar haqiqatdan ham zaharlangan. Lekin juda vahimali emas” (?)

Ota-onalar holat bo‘yicha tegishli davlat organlarini allaqachon xabardor qilgan. Biroq, ular bolalarga yod preparatini berish Prezident qarori bilan amalga oshirilganini aytib, mas’uliyatni o‘z zimmasidan soqit qilishga uringan. Shifoxonaga na vazirlikdan, na hokimiyatdan vakillar kelib holat yuzasidan aholiga tushuntirish bermagan. 4 soatdan oshiq vaqt kutganimizdan so‘ng, Chilonzor tuman hokimi o‘rinbosari kelib, izoh berdi. Uning aytishicha, mas’ullar ertalabdan beri shu yerda. Qolaversa, u bolalar zaharlanganini ham tasdiqladi.

“Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga kelgan bolalarning ahvoli yaxshi. Ularda zaharlanish bo‘lgani rost. Bu holat bo‘yicha shifokorlar kelgan bemorlarga yordam ko‘rsatmoqda. Chilonzor tumani hokimligi xodimlari ham tarmoqlarda turli videolar tarqalganidan so‘ng bu yerga keldik. Vahimaga hojat yo‘q. Kechagiga qaraganda shifoxonaga olib kelingan bolalar soni kam”, dedi tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Hotamov.

Shifoxona oldidagi ota-onalar ham “farzandlarimiz doridan zaharlangan” degan qat’iy fikrda. Ularning aytishicha, bolalarda hech qachon bunday alomatlar kuzatilmagan. Aynan shu dorini ichirish boshlanganidan so‘ng maktablarda bir xil alomat bilan kasallanganlar ko‘paygan.

“Agar mening bolam doridan zaharlanmagan bo‘lsa, mana qo‘shnimning bolasi. U ham shu ahvolda. Mening bolalarim hech qachon bunday kasal bo‘lmagan. Ayniqsa, mana shu qizim juda tetik edi. Ikki nafar bolam ayni paytda grippligi uchun ularga dori ichirishmagan. Bu qizim ichgani uchun ham mana shu ahvolga tushdi. Aniq shu doridan zaharlangan, ishonchim komil”, dedi boshqa bir ona.

“Bolalarimiz tajriba quyonchasi emas!”

Xulosa o‘rnida ota-onalar mas’ullardan o‘z vazifasiga jiddiy yondashishni, aholi farzandlaridan tajriba quyonchasi sifatida foydalanmaslikni so‘ramoqda.

“Davlatmi, qaysidir tashkilotmi ularning xohish-istagi uchun bizning bolalarimiz tajriba quyonchasi vazifasini bajarib bermasligi kerak. Bundan oldin ham “Dok-1 Maks” dorisi sabab o‘lim holatlari kuzatilgandi. Shundan keyin ham xulosa chiqarilmadimi?"

“Avvalo, farzandlarimizga nima berilayotganini tekshirish kerak edi. Qarang, bolalar qanchalik qiynalishmoqda. Issig‘i chiqib ketgan. Buni katta qilgancha qancha qiynalganmiz. Mas’ullar nega mas’uliyatsizlik bilan qarayapti?"

“Ularning ham farzandi yo nabirasi bordir? O‘zining farzandiga ravo ko‘rmasa kerak bu narsani?"

“Tadqiqotdagi hayvon emasku bolalar. Bu dorini ichirishdan oldin nazoratga olib, ogohlantirib, keyin bersa bo‘lmasmidi? Masalan, qizimning oshqozonida muammosi bor edi. Dorining qo‘llanmasiga qarasak, oshqozoni kasallarga bu dorini ichirish mumkin emas ekan”.

“Bizning bolalarimiz tajriba maydonchasi emas. Nega o‘shalar bu dorilarni o‘zining farzandiga ichirmasdan, bizning bolamizga beradi? Marhamat, o‘zining bolasiga ichirib ko‘rsin”.


 


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent zaharlanish yod Toksikologiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing