Jurnalistni javobgarlikka tortgan ichki ishlar xodimlariga xizmat tekshiruvi tayinlandi
3-sahifa
−
17 yanvar
9277Avvalroq, Toshkent shahrida reportaj tayyorlashga borgan jurnalist ichki ishlar xodimlari tomonidan asossiz olib ketilib, bir necha soat davomida idorada ushlab turilgani va unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik belgilangani haqida xabar qilgandik. Endilikda jurnalist bilan bog‘liq holatga aloqador shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Mixail Dovlatov bilan bog‘liq holatga huquqiy baho berish haqidagi so‘rov xati ijro uchun qabul qilinganini bildirgan.
“Mamlakatda ommaviy axborot vositalari faoliyati va jurnalistlarning huquq va erkinliklari qonun bilan qo‘riqlanishi haqida yana bir bor eslatib o‘tamiz”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, jurnalist Mixail Dovlatov bilan bog‘liq holat 14 yanvar kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan. U 11-dahada istiqomat qiluvchi aholi bilan uchrashishi kerak bo‘lgan. O‘z navbatida, fuqarolar 150 ga yaqin garaj hamda 98 ta daraxt o‘rniga bolalar bog‘chasi qurilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berishi rejalashtirilgan. Dovlatov aholi bilan soat 13:00 da voqea joyida uchrashishga kelishgan. Shuningdek, u yerda Uchtepa tumani hokimligi vakillari, ekolog va boshqa ekspertlar taklif etilgan.
Biroq jurnalist avtoturargohga kirishdan 50 metr narida bir guruh erkaklarga ko‘zi tushgan.
“Ularning ayrimlari huquq-tartibot organlarining formasida edi, shuningdek, Isuzu avtozaki ham turardi. Ular yonidan o‘tar ekanman, menga murojaat qilishayotganini eshitib qoldim, o‘girilganimda fuqarolik kiyimidagi bittasi yana meni chaqirdi. Yoniga borib, gap nimada ekanini bilmoqchi bo‘ldim. U esa bu yerda chekish taqiqlanishini aytdi. Men atrofda tamaki chekishni taqiqlaydigan biror belgi yo‘qligini bildirdim. U bo‘lsa, bu yer jamoat joyi hisoblanishi va bu yerda chekish umuman mumkin emasligini ta’kidladi…”, deydi jurnalist.
Shundan so‘ng, xodimlar jurnalistni tumanning 2-sonli ichki ishlar idorasiga olib borgan hamda telefon va texnikalarini olib qo‘ygan. Idorada undan nima uchun miting tashkillashtirmoqchi ekani so‘ralgan. Dovlatov bir necha soat IIO FMBda ushlab turilgach, jurnalistga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, voqeadan xabar topgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Bosh prokuraturaga so‘rov xati yuborgandi. Keyinchalik Mixail Dovlatovning harakatida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli, unga nisbatan yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish tugatildi.