Toshkentda yirik og‘ufurushlar tarmog‘i fosh etildi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida mefedron hamda gashish giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan bir necha shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1996 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, Konimex tumanida yashovchi fuqaro Toshsoy mahallasidagi dala maydonida oldindan belgilangan joydan 200 gramm mefedron sintetik giyohvandlik vositasini olayotgan vaqtida ushlangan. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasining noqonuniy bozordagi qiymati qariyb 10 ming AQSH dollariga teng bo‘lib, 2 ming martalik dozani tashkil etadi.

Gumonlanuvchining mobil telefoni ko‘zdan kechirilganda, Toshkent shahrining Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida “zakladka” usulida yashirilgan 300 ga yaqin giyohvandlik vositalarining geolokatsiyasi aniqlangan. Tekshiruv davomida 40 ta manzildan har biri 1 grammdan qadoqlangan mefedron topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

O‘rtachirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1998 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, avval Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) bilan sudlangan va hozirda Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Labo rusumli avtomobil to‘xtatilgan. Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, rul chambaragi ichiga yashirilgan 72 gramm gashish giyohvandlik vositasi aniqlangan.

Shuningdek, Toshkent tumanida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, sotish maqsadida yashirib qo‘yilgan 101 gramm gashish topilgan. Tergovga qadar tekshiruvda u ushbu giyohvandlik vositasini Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan hamda Toshkent tumani “Qorabuyriq” mahallasida yashovchi 1969 yilda tug‘ilgan shaxslardan olganini bildirgan. Shundan so‘ng o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida 100 gramm gashishni 30 million so‘mga sotish jarayonida mazkur shaxslar ham qo‘lga olingan.

Keyingi surishtiruvlarda giyohvandlik vositalarining yana bir qismi Toshkent tumanida yashovchi 1969 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli ekani aniqlanib, uning uyidan qo‘shimcha 20 gramm gashish musodara qilingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan barcha gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qariyb 39 gramm gashish saqlagan va sotishga uringan shaxs ushlagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing