Toshkentda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi aeroport qurilmoqda – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
17 iyun 2997 2 daqiqa
Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev transport va logistika sohasini rivojlantirishni O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etdi.
Davlat rahbari mamlakatning xalqaro transport yo‘laklariga integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan.
Prezidentning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda o‘zaro bog‘liq va jahon bozorlariga ochiq bo‘lgan yangi iqtisodiy makonga aylanmoqda. Shu munosabat bilan Xitoy va Qirg‘iziston bilan hamkorlikda strategik temir yo‘l qurilishi jadal davom ettirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonni janubiy dengiz portlari bilan bog‘laydigan Transafg‘on transport koridori loyihasi ustida faol ishlar olib borilmoqda. Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi “O‘rta koridor” transport yo‘nalishini rivojlantirish choralari ham ko‘rilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur loyihalar to‘liq amalga oshirilsa, O‘zbekiston Osiyo va Yevropani bog‘laydigan muhim transport magistrallari tarmog‘ining ajralmas qismiga aylanadi.
Davlat rahbari mamlakatda transport va logistika sohasida qator megaloyihalar boshlanganini ham ma’lum qilgan. Jumladan, Saudiya Arabistonilik hamkorlar bilan birgalikda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda.
Prezident investorlarni tezyurar avtomobil yo‘llarini barpo etish, ko‘p funksiyali logistika markazlari va “quruq portlar” qurish bo‘yicha loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirgan.
Live
Barchasi