Toshkentda yosh bolaning quduqqa tushib ketishiga sababchi bo‘lgan erkakka hukm o‘qildi 

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahrida bedarak yo‘qolgan 6 yoshli bolaning jasadi quduqdan topilgandi. Mazkur hodisaga sabab bo‘lgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.

Voqea 2024 yilning 9 iyul kuni Uchtepa tumanida yuz bergan. 6 yoshli bola do‘konga chiqib, bedarak yo‘qolgan. Bola qidiruvga berilgan, ammo ertasiga ertalab bolaning jasadi suv bilan to‘lgan lyukdan topilgan.

Aniqlanishicha, xizmat ko‘rsatuvchi korxona ishchilari tomonidan yorilgan issiq suv quvurini ta’mirlash maqsadida kovlangan chuqur ochiq holatda qoldirilgan va uning atrofida xavfsizlik to‘siqlari o‘rnatilmagan. Oqibatda yuqoridagi noxush holat yuz bergan. 

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, bolaning o‘limiga yuqori nafas yo‘llarini suyuqlik bilan berkilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya va issiq suyuqlikdan yuzi, bo‘yni, tanasi, dumbalari, oraliq sohasi va ikkala qo‘l-oyoqlarining I-II darajali 100% tana yuzasini termik kuyishi oqibatidagi kombinatsion jarohatlanishi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

2024 yilning 15 oktyabrida Sergeli tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sud 32 yoshli U.A.ning ishini ko‘rib chiqdi. U “Kommunalchi issiqlik quvvatta’mir” kompaniyasida montajchi bo‘lib ishlagan. Ish hujjatlariga ko‘ra, ayblanuvchi qurilish ob’ektlarida xavfsizlik talablariga rioya qilish, shu jumladan begona shaxslarning kirishiga to‘sqinlik qiluvchi himoya to‘siqlarini o‘rnatish uchun mas’ul bo‘lgan.

Ammo bu talablarga rioya qilinmagani va himoya to‘siqlari yo‘qligi sababli bola ochiq quvurga tushib ketgan va halok bo‘lgan. Sud erkakni Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qismi “a” bandi (tog‘-kon, qurilish yoki portlash xavfi bo‘lgan ishlarda xavfsizlik qoidalarini buzish natijasida odamning o‘limiga olib kelish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 1 muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish hamda Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.  

Erkak bu hukmga rozi bo‘lmay, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha kassatsiya instansiyasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi. 2025 yilning 14 yanvarida erkakning da’vosi ko‘rib chiqildi. Ayblanuvchining advokati huquqni muhofaza qilish organlari to‘liq va xolis tergov o‘tkazmaganini ta’kidladi. Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u kompaniyada faqat 2024 yilning 11 yoki 12 iyulida og‘zaki kelishuv asosida ish boshlagan.

Erkak, shuningdek, voqea sodir bo‘lgan ob’ektda ishlamaganini aytgan va voqeadan so‘ng kompaniya rahbari uni chaqirib, bo‘lib o‘tgan voqea uchun ma’muriy javobgarlikni erkakka yuklash niyatida ekanini va jarima hamda boshqa xarajatlarni qoplashni va’da qilganini ma’lum qilgan. Sudlanuvchi bunga rozilik bildirgan, chunki unga pul kerak bo‘lgan.

Biroq guvohlarning ko‘rsatmalari, ayblanuvchining mehnatni muhofaza qilish va ob’ektlarda texnika xavfsizligi uchun mas’ul etib tayinlanganini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa dalillar asosida sud erkakka nisbatan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.


Maqola muallifi

Teglar

quduq yosh bola toshkent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing