Eronda bir oilaning 8 a’zosi quduqqa tushib ketdi
Olam
−
10 may 2025 9040 1 daqiqa
Kecha, 9 may kuni kechqurun Eronning Ko‘hdasht viloyatida joylashgan Basat Beygi qishlog‘ida chuqurligi 50 metrga yetgan qishloq xo‘jaligi qudug‘ida falokat yuz berdi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Ko‘hdasht viloyati hokimidan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa bolaning quduqqa qulashi bilan boshlangan.
Bildirilishicha, qutqaruv kuchlari yo‘qligi sababli oila bolani qutqarishga harakat qilgan va oila a’zolaridan birortasi buni uddalay olmagan, aksincha, ularning hammasi bola ortidan quduqqa tushib ketgan.
Ma’lum qilinishicha, dastlabki qutqaruv guruhlari voqea joyiga imkon qadar tezlikda yetib borishga harakat qilgan, ammo qutqaruv guruhi oila a’zolarining faqat bir nafarini sog‘-salomat holda olib chiqa olgan. Qolganlar zaharli gazlar, kislorod yetishmasligi va yerning og‘irligi sabab vafot etgani aytilmoqda.
Shuningdek, qutqaruv operatsiyasi yakunlangandan so‘ng Ko‘hdasht inqirozni boshqarish shtabining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va yetti kishining o‘limi rasman tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 aprel kuni Eronning Bandar-Abbos shahri yaqinidagi Shahid-Rajai dengiz portida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida 18 kishi halok bo‘lgandi va 750 dan ortiq odam jarohatlangandi.
Marjona Murodova