Toshkentda yomg‘ir vaqtida yo‘llarni nega suv bosgani aytildi
Jamiyat
−
25 may 2021
6969Joriy yilning 23 may kuni Toshkentda atigi bir necha soat yoqqan yomg‘ir juda ko‘p muammo noqulayliklarni keltirib chiqardi. Shahar hokimligi ushbu holat yuzasidan izoh berdi.
Bildirilishicha, poytaxtga xizmat ko‘rsatuvchi kommunal xizmat xodimlari va texnika ta’minotida avvalgi yillarga qaraganda ancha o‘sish bor. Avariyaviy vaziyatlarda foydalanish uchun maxsus mashinalar xarid qilingan, ishchilar soni ortgan.
Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi Xayrulla Tursunov shahardagi ariqlar chiqindilarga to‘lib ketishini aytib, bu suv toshining asosiy sabablaridan ekanini ta’kidladi.
“Biz soat 19:00 dan ish boshladik va salkam 3 soat mobaynida Mirobod tumanining markaziy va ichki ko‘chalarini yomg‘ir suvlaridan tozaladik. Aslida har kuni bu ko‘chalarni va ariqlarni tozalaymiz, supuramiz. Biroq ertasi kuni xuddi ish qilinmagandek, yana shu ahvol!
Savol berishingiz mumkin, nega har kuni ariqlar tozalansa ham suv oqib ketmayapti deb. Kecha tozalagan ariqlarimizni barchasini polietilen paketlar, bir marotabalik qog‘oz stakanlar va baklajkalar tusib qo‘ygan va suv oqib ketishiga imkon bo‘lmagan. Ayniqsa, polietilen paketlar barcha muammolarning sababchisi. Ariqlarning zovurlarga quyiladigan qismida temir panjaralar o‘rnatilgan, o‘sha yerni tozalab tashlasak muammo hal. Biroq unga qadar vaqt kerak bo‘ladi va yo‘llarga suv toshadi”, deydi Xayrulla Tursunov.
Qayd etilishicha, poytaxtda yoqqan yomg‘ir natijasida ko‘plab markaziy va ichki ko‘chalar suv to‘planishidan aziyat chekdi.
Toshkent shahar hokimining uy-joy kommunal masalalari bo‘yicha o‘rinbosari v.b Shoxruh Rahimjonovning so‘zlariga ko‘ra, 23 may kuni obodonlashtirish xodimlari aslida ish vaqti 18:00 gacha bo‘lsada, soat 19:00 dan 01:30 ga qadar tinmay ishlashgan.
“Bunday vaziyatlarda ularning yordami bizga juda zarur. 300 nafar obodonlashtirish xodimlari yog‘ayotgan yomg‘ir ostida xizmat qilishdi. Shuningdek, 20 tadan ortiq texnikamiz to‘planib qolgan suvlarni tortib olishdi, chiqindilarni olib chiqib ketishdi va boshqa vazifalarni bajarishdi. Qolaversa, FVV xodimlari ham bu jarayonga jalb etildi”, deydi Rahimjonov.
Hokimlik asosiy suv toshgan ko‘chalarni ma’lum qildi. Bular:
• Amir Temur ko‘chasi;
• General Uzoqov ko‘chasi;
• Ashxobod bog‘i yaqinidagi tunnel;
• “Mirobod” dehqon bozirining old tomoni.
LiveBarchasi