Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagani bo‘yicha rasmiy izoh berildi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, Yashnobod tumanidagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagan edi.Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan holatni o‘rganish maqsadida vazirlik ishchi guruhi tuzilib, tekshirish ishlari olib borilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning topshirig‘i bilan Yashnobod tumanidagi 152-maktabda pedagog va 8-sinf bolasi o‘rtasidagi janjalli voqea hamda muassasadagi ta’lim va tarbiya jarayonlari o‘rganilgan.

“Ayni damda o‘qituvchining maktabdagi nosog‘lom muhit bo‘yicha ijtimoiy tarmoq faollariga murojaati keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Shu o‘rinda jamoatchilik vakillaridan har ikki tomonni o‘rgangandan so‘ng xolis axborot tarqatishlarini so‘raymiz, shuningdek, ular ham vazirlik ishchi guruhi bilan birgalikda o‘rganish jarayonlarida ishtirok etishlari mumkin. Shu o‘rinda o‘qituvchilardan ham o‘quvchilar bilan ziddiyatli vaziyat yuzaga kelganda, pedagogga xos bo‘lgan ta’sir choralarini qo‘llashi lozimligini, har qanday holatda o‘zini qo‘lga olib, bolaning ota-onasi bilan birgalikda muammoga yechim topishi zarurligini yana bir bor eslatib o‘tamiz”, deyiladi rasmiy xabarda.

Shuningdek, vazirlikka ko‘ra, maktabda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida yuzaga kelgan nizoli holat bo‘yicha o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Sud qarori bilan o‘quvchining onasi va maktab o‘qituvchisiga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing