Toshkentda tengdoshini pichoqlagan 9-sinf o‘quvchisiga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
18 dekabr 2023 11998 1 daqiqa
Toshkentda haqorat ortidan tengdoshini pichoqlagan 9-sinf o‘quvchisi 3 yilga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 4 iyul kuni soat 16:00 larda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi maktablardan birida 16 yoshli o‘quvchi tengdoshi bilan o‘zaro kelishmovchilik tufayli urishadi. Mushtlashuv atrofdagilarning aralashuvi bilan tugaydi.
Biroq, shu kuni kechqurun o‘smirlar telefon orqali gaplashib, yana bir-birini so‘kishni boshlaydi.
Shundan so‘ng o‘smirlar oralaridagi nizoni hal qilib olish bahonasida Toshkent shahri Yunusobod tumani 15-mavzesida joylashgan “O‘zbekiston Mustaqilligi” mahallasining ma’muriy binosi oldida uchrashadi. Avvaliga ayblanuvchi tengdoshini kaltaklab, unga tan jarohati yetkazadi. Keyin esa yonidagi pichoq bilan o‘smir tanishining bel sohasiga zarba beradi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, pichoqlangan yigitning jarohati hayot uchun xavfli deb topiladi.
Oqibatda 16 yoshni to‘ldirganiga bir necha kun bo‘lgan maktab o‘quvchisi og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olinadi.
"Holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismida keltirilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 85-moddasi tartibida 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Jazoni tarbiya koloniyalarida o‘tash belgilandi", deyiladi matbuot xizmatining xabarida.