Toshkentda Telegram orqali o‘zgalarning pulini o‘g‘irlagan 20 yoshli yigit ushlandi
3-sahifa
−
09 mart
7114Telegram'da havola yuborish orqali fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan 20 yoshli yigit qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida yashovchi 35 yoshli R.D. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 43 200 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahri, Yashnobod tumanida yashovchi 20 yoshli N.A. sodir etgani aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan N.A. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli xil mazmunlardagi xabarlar (havola) jo‘natib, ularni qiziqtirib, bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni o‘g‘irlagani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, N.A.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.