Toshkentda “svet” ortidan non tanqisligi boshlandimi?

Jamiyat 9151

O‘zbekistonda 25 yanvar kuni kuzatilayotgan elektr energiyasi uzilishlari ortidan bir qator muammolar kelib chiqishni boshladi. Jumladan non ishlab chiqarishda ham uzilishlar bo‘layotgani haqida xabarlar oldik. QALAMPIR.UZ Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan non do‘konlarda xaridorlar turnaqator navbatda turgani, eng kamida 4-5 tadan non xarid qilayotganiga guvoh bo‘ldik. 

Xo‘sh, elektr energiyasidagi uzilishlar non taqchilligiga ham olib keladimi? Non ishlab chiqaruvchi korxonalar elektrsiz yana qancha vaqt non chiqarishga bardosh bera oladi? Biz ushbu savollar bilan Toshkentdagi eng yirik non ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri “Ochiq dil” MCHJ direktori Iskandar Qosimovga yuzlandik. 

QALAMPIR.UZ: —  Toshkent shahrida elektr energiyasi uzilishi non korxonasining kunlik hajmiga qanchalik ta’sir qildi? Shaharda non tanqisligi kuzatilyaptimi?

Iskandar Qosimov, “Ochiq dil" MCHJ (non korxonasi) rahbari: —  Elektr energiyasi o‘chishi ortidan non ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishi ko‘paydi. Oziq-ovqat do‘konlari kunlik hajmidan sezilarli darajada ko‘proq non olish uchun murojaat qilishmoqda. Korxonamiz vaqtida dizel generatorini o‘rnatgani uchun ishlab chiqarish kamaygani yo‘q. Favqulodda holat vaqtida vaziyatdan chiqish imkoni bo‘lyapti. Hozir suv va non zaxirasi bor. Biz doimiy ishimizda davom etyapmiz. 

QALAMPIR.UZ: — Bugun non ishlab chiqarishning miqdori ko‘paydimi?

I.Q.: — Odatda kuniga 20 tonna non ishlab chiqaramiz va bu son bugun 15-20 foizga ko‘paydi. 

QALAMPIR.UZ: — Toshkentda non tanqisligi bo‘lishi mumkinimi?

I.Q.: — Shahar bo‘yicha boshqa korxonalarda generatorlar bor-yo‘qligini bilmayman, men bilgan 30-40 foiz korxonalarda generatorlar mavjud. Kichik korxonalarda generatorlar yo‘qligi sababli non yetkazib berishda muammolar bo‘lishi mumkin. Chunki hajm ko‘paygan korxonalar soni esa bu talabni qondirilmasligi mumkin. Katta korxonalarda dizel generator, suv, solyarka, un bo‘lishi shart.

QALAMPIR.UZ: — Non ishlab chiqarish hajmining oshishi, elektr energiyasi yo‘qligi narxga ta’sir qiladimi?

I.Q.: — Yo‘q. Non narxi ko‘tarilmadi.

QALAMPIR.UZ: — Sizning korxonangiz elektr energiyasisiz yana qancha ishlashi mumkin?

I.Q.: — Zaxiramiz bo‘yicha suv, solyarka kamida bir sutkaga yetadi. Un esa bemalol 2 sutkaga yetadi. Bir kunda 30-35 tonnagacha, ya’ni 60 mingta non ishlab chiqarish imoniyati bor.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 336
Reyting: 3
t
×