Toshkentda suddan norozi erkak daraxtga chiqib oldi
3-sahifa
−
01 aprel 3975 2 daqiqa
Bugun, 1 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda sudlardan norozi erkak Oliy sud qarshisidagi daraxtga chiqib olgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Oliy sud munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 30 mart kuni fuqaro A. Ch. (1979 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan) Oliy sud binosi yonida daraxtga chiqib, o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlaridan noroziligini bildirgan.
Fuqaro pastga tushirilib, jismoniy holati tekshirilgan, unga shikast yetmagani aniqlangan. Shundan so‘ng A.Ch. Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov tomonidan qabul qilinib, uning shikoyati tegishli tartibda o‘rganish uchun rasmiylashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2020 yil 5 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra A.Ch. Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlanib, unga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi yuqori instansiya sudlarida ko‘rib chiqilib, o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Bundan tashqari, A.Ch. 2025 yil 29 noyabr kuni Oliy sud raisi tomonidan qabul qilinib, unga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirish uchun asoslar yetarli emasligi ma’lum qilingan.
“Fuqarolarning sud himoyasidan foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan bo‘lib, ular Oliy sudga belgilangan protsessual tartibda erkin va to‘siqsiz murojaat qilish imkoniyatiga egadir. Shu bois, murojaat qilish uchun noodatiy yoki xavfli harakatlarga qo‘l urishning hojati yo‘q.
Xususan, mazkur holatdan kelib chiqib ta’kidlanadiki, Oliy sudga murojaat qilish uchun “daraxtga chiqish” kabi harakatlar talab etilmaydi va bunday usullar masalani hal etishga xizmat qilmaydi. Aksincha, murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartib va shakllar orqali amalga oshirilishi lozim.
Fuqarolarga huquqiy madaniyatni yuksaltirish, murojaat qilishning qonuniy mexanizmlaridan to‘g‘ri foydalanish va o‘z huquqlarini qonuniy usullar orqali himoya qilish tavsiya etiladi”, deyiladi Oliy sud bayonotida.