Shakira 55 mln yevrolik sudda Ispaniya hukumatini yutdi
Olam
−
18 may 1309 2 daqiqa
Bugun, 18 may kuni Ispaniya Oliy sudi jahon yulduzi va ko‘plab top hitlar sohibasi Shakira foydasiga 55 million yevro qaytarlishini e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ispaniya Oliy sudining tegishli buyrug‘i bilan kolumbiyalik qo‘shiqchi Shakiraga undan bir paytlar undirib olingan jarima pullarini foizi bilan qaytarib berish bo‘yicha qaror chiqarildi.
Sud bayonnomasiga ko‘ra, Shakira 2011 yilda Ispaniyada 183 kun bo‘lgan ammo muhojirlardan olinadigan soliqni to‘lamagani uchun jarimaga tortilgan. Ammo qo‘shiqchi Ispaniya sudiga bir necha marotaba apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilgan. Sud uni soliqqa tortiladigan muddat davomida mamlakatda bo‘lganini isbotlovchi dalillar yetishmaganligi uchun ishni jahon yulduzining foydasiga hal qilgan.
Shakira suddagi g‘alabasidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga jamoatchilikning shafqatsiz ta’qiblariga, obro‘sini to‘kish uchun uyushtirilgan kampaniyalar, sog‘lig‘i va oilasining farovonligiga ta’sir qilgan uyqusiz tunlarga chidaganidan so‘ng, nihoyat adolat qaror topganidan quvonchda ekanini bildirgan.
“Deyarli o‘n yil davomida menga aybdor sifatida munosabatda bo‘lishdi. Jarayonning har bir bosqichi oshkor qilindi, buzib ko‘rsatildi va kuchaytirildi. Mening ismim va ommaviy imijimdan foydalanib, qolgan soliq to‘lovchilarga tahdidli xabar yuborildi. Bugun bu qora kunlar parchalanib ketmoqda va bu adolatli sud qarorining kuchi bilan amalga oshirilmoqda”, deydi qo‘shiqchi.
Shuningdek, u suddagi g‘alabasini iqtisodiy va ruhiy halokat evaziga xuddi shunday aybsizligni boshdan kechirayotgan minglab oddiy insonlarga bag‘ishlashini bildirgan.
Qayd etish joiz, to‘lov taxminan 24 million yevro daromad solig‘i va deyarli 25 million yevro tovon pulini o‘z ichiga oladi. Biroq soliq idorasi Oliy sudga murojaat qilishini va yakuniy qaror chiqmaguncha to‘lov amalga oshirilmasligini bildirgan.
Oliy sudga ko‘ra, jarimalar noqonuniy bo‘lgan. Chunki Shakira 2011 yilda Ispaniyada rasman 163 kun yashagan. Bu esa uni soliq tortiluvchi rezident deb hisoblash uchun belgilangan chegaradan 20 kun kam. Ish 2011 yildan keyingi soliq yillariga taalluqli emasligi bildirilgan.
Shakira 2024 yilda Ispaniyaning “El Mundo” nashriga bergan intervyusida soliq idorasining uning ishlari bo‘yicha amalga oshirayotgan tekshiruvlari “inkvizitsiya sudi”dan farq qilmasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shakiraning Rio-de-Janeyro sohilida o‘tkazgan bepul konsertiga 2 million kishi tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi