Toshkentda “Ozarbayjon”, Bakuda esa “O‘zbekiston” bog‘i quriladi

Jamiyat

image

Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida “O‘zbekiston” bog‘i, Toshkentda esa “Ozarbayjon” bog‘i barpo etiladi. Bu haqda IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan “Ozarbayjon – O‘zbekiston: iqtisodiy hamkorlik vektori” mavzusidagi panel sessiyasida Ozarbayjon Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi (AZPROMO) ijrochi direktori Yusuf Abdullayev ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ushbu bog‘lar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat ramziga aylanishi kutilmoqda.

“Iyun oyi boshida Toshkent shahri hokimi va mening yaqin do‘stim Shavkat Umurzoqov ishchi tashrif bilan Baku shahriga keldi. Tashrif doirasida Oq shahar hududida joylashgan, bo‘lajak “O‘zbekiston” bog‘i quriladigan maydon ko‘zdan kechirildi”, dedi u.

Shuningdek, Abdullayev Ozarbayjon delegatsiyasining Toshkentga javob tashrifi joriy oy oxiriga belgilanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tashrif doirasida “Ozarbayjon” bog‘i barpo etiladigan hudud ham ko‘zdan kechiriladi. Biroq QALAMPIR.UZ hokimlik bilan bog‘langanda bog‘ uchun hozircha yer ajratilmagani, qaror yo‘qligi aytildi.

“Bu ikki poytaxt o‘rtasida madaniy ko‘prikka aylanishi mumkin”, degan Abdullayev.

Ta’kidlash joizki, 2021 yil aprel oyida O‘zbekiston ishg‘oldan ozod etilgan Qorabog‘da Ozarbayjonga tuhfa sifatida maktab qurishi haqida xabar bergan edik. Oradan ikki yil o‘tib, 2023 yil 23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabni ochib berdi. Bundan tashqari, ushbu maktabni bitirganlar O‘zbekiston OTMlariga imtihonsiz qabul qilinadigan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent O'zbekiston Ozarbayjon Baku

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing