Toshkentda onasini o‘ldirib, yerto‘laga ko‘mib yuborgan o‘g‘ilga hukm o‘qildi 

3-sahifa

image

Toshkent shahrida o‘z onasini o‘ldirib, murdasini xonadondagi yerto‘la ostiga ko‘mib yuborgan o‘g‘ilga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati QALAMPIR.UZ'ga xabar berdi.

O‘g‘il onasini begona erkakdan rashk qilishi oqibatida o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan. Natijada o‘tmas jism bilan onasining bosh qismiga bir necha marta urib, qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan uning bo‘yni orqa qismiga sanchib, qasddan o‘ldirgan.

Sud majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili tariqasida so‘roq qilingan mahalla raisining aytishicha, marhuma va o‘g‘li ko‘p qavatli uydagi xonadonda istiqomat qilgan. 

“Sudlanuvchi aqli zaifligi sababli, o‘zini noodatiy ravishda tutib kelgan. Shu bois mahallada yoki uyda turli nomaqbul ishlarni qilib qo‘ymasligi uchun bir necha marta o‘g‘lini ruhiy davolash muassasasiga joylashtirish kerakligini aytganimda, bitta o‘g‘lini jamiyatdan ajratmaslikka harakat qilishi haqida gapirgandi”, deydi mahalla raisi.

Uning aytishicha, mazkur oila notinch yoki muammoli oilalar turkumiga kirmagan va o‘ziga to‘q yashagan. Bir necha marta sudlanuvchi ishga joylashtirilgan. Biroq u kelajagi uchun poydevor qilishga harakat qilmay, ishlamasligini ma’lum qilgan. Onasi esa uni o‘zi boqishini aytgan. 

Bir necha oy avval esa marhuma va o‘g‘li o‘zaro janjallashib qolgan. Mahalla faollari va mahalla noziri ularga tushuntirish berishiga qaramasdan, ularning talablariga bo‘ysunmagan. Janjal sababi esa sudlanuvchi onasining hayotiga aralashganidan kelib chiqqan. Ayol erkak kishi bilan uchrashgani uchun uni qizg‘angan va u bilan urishgan. U ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilgani bois javobgar ham qilingan. 

Biroq sudlanuvchi yurish-turishini to‘g‘rilamagan. Mahalla faollari va nozir bilan maslahatlashib, o‘sha vaqtda ruhiy davolash maqsadida psixiatrik naryad chaqirilib, davolashga jo‘natilgan. Oradan 40 kun o‘tgach, sudlanuvchi davolanishdan chiqqan, lekin nomaqbul harakatlari yo‘qolmagan. Voqea sodir bo‘lgan kuni bir fuqaro sudlanuvchining tungi soat 02:30 larda uyning yerto‘lasida fonar bilan yurganini ko‘rgan.

Gap shundaki, o‘g‘il sodir etgan jinoyatini yashirish maqsadida onasining jasadini o‘zi yashab kelayotgan xonadonning yerto‘lasiga ko‘mib qo‘ygan. U jinoyati fosh bo‘lishidan qo‘rqib, profilaktika inspektoriga onasini qidirib topishda yordam so‘rab murojaat qiladi. Uning murojaatiga asosan tezkor qidiruv xodimlari tomonidan ayolning yashash xonadoni yerto‘lasi ko‘zdan kechirilganda jasad qotillik alomatlari bilan topilgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ayolning o‘limi bosh miya yopiq jarohati fonida, bo‘yin qon tomirlari va yumshoq to‘qimalarining shikastlanishiga olib kelgan va bo‘yin orqa yuzasi o‘ng tomonlama kesilgan yarasi oqibatida kelib chiqqan tashqi qon yo‘qotishdan yuz berganligi aniqlangan. 

Sud psixotrik ekspertizasining xulosasiga ko‘ra esa sudlanuvchi ruhiy sog‘lom deb topilgan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan aybdor deb topildi va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahri qotil o'g'il

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made