Olmaliqda ona ruxsatsiz shirinlik yegani uchun 8 yoshli farzandining qo‘llarini yoqdi
3-sahifa
−
11 fevral
5940Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida ona uydagi shirinlikni ruxsatsiz yegan bolasining qo‘lini kuydirgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 2024 yil 30 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. 1991 yilda tug‘ilgan X.A. ismli ayol 8 yoshli o‘g‘li B.A.ni uydagi shirinliklarni ruxsatsiz yegani sababli barmoqlari orasi va boshqa tana a’zolariga paxta tiqib yoqqan. Oqibatda bolaning tanasida 1 va 2-darajadagi kuyish yuzaga kelib, u yengil tan jarohati olgan.
Olmaliq shahar IIB tomonidan X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va yashiringani tufayli unga qidiruv e’lon qilingan. Joriy yilning 7 fevral kuni X.A. protsessual tartibda ushlanib, unga tegishli sud ajrimi asosida qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ma’lumot uchun, sudda ayblov o‘z isbotini topsa, gumonlanuvchi 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Chirchiq shahrida onasi tomonidan ayovsiz kaltaklangan 4 yoshli qiz vafot etgani xabar qilingandi. Mazkur holat yuzasidan marhuma qizning onasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

