Toshkentda odamlarni Yevropaga ishga yuborishni va’da qilgan MCHJ rahbari ushlandi
3-sahifa
−
03 avgust
5457Toshkent shahrida fuqarolarni Yevropa davlatlariga ishga yuborishni va’da qilgan MCHJ rahbari ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Chilonzor tuman bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Ch.g” MCHJ rahbari G‘.K. (muqaddam sudlangan) fuqaro B.R. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularga soxta sertifikat va diplom tayyorlab berish orqali Yevropa davlatlariga ishga yuborishini va’da qilgan. U “xizmati” evaziga B.R.dan 4 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida, MCHJ rahbari G‘.K. fuqaro U.T. va boshqalarni aldab, ularni chet elga ishga yuborishi evaziga 25,8 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani, shuningdek, 5 nafar fuqaroning nomiga “H-W.” MCHJda turli kasblarga o‘qiganligi to‘g‘risida soxta sertifikatlar tayyorlab qo‘ygani aniqlangan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda fuqarolarni Buyuk Britaniya, Kanada va Yevropa Ittifoqiga ishlash uchun yuborishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olingandi.