Toshkentda “Nikolay” tangalarini 67 ming dollarga sotishga uringanlar qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida noyob oltin tangalarni noqonuniy tarzda sotishga uringanlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 1966 yilda tug‘ilgan A.X. 100 dona oltin tangani Andijon shahrida yashovchi, 1963 yilda tug‘ilgan E.S. ga 67 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ularning ikkalasi ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, fuqaro A.X.ga tegishli avtomashinadan qo‘shimcha 37 dona oltin tanga ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sof og‘irligi jami 776 gramm tarixiy ahamiyatga ega tangalarning umumiy qiymati 950 million so‘mni tashkil etadi. Aniqlanishicha, fuqaro E.S. xalq tilida “Nikolay” tangalari deb aytiladigan ushbu tarixiy, moddiy qimmatliklarni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga olib borib, sotishni rejalashtirgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida 500 yil muqaddam zarb etilgan qadimiy numizmatika buyumlarini mamlakat hududidan olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Andijon “Nikolay” tangalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing