Toshkentda narkotikni shirinlik orasiga  yashirgan 19 yoshli qiz ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkentda shirinlik orasiga yashirilgan qoradorini xorijdan olib o‘tmoqchi bo‘lgan 19 yoshli qiz ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.  

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xo‘jaobod tumani hududida harakatlanayotgan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi, 35 yoshli muqaddam sudlangan shaxsga tegishli BYD avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Uning salon qismida 6 dona polietilen o‘ramlarda bo‘lgan, jami 5 kg 946 gr “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan. U giyohvandlik vositalarini  narkokurerlar tomonidan “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olib, Toshkent shahriga ketayotgan bo‘lgan. 

Shuningdek, DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, xorijdan kurerlik jo‘natmasi orqali qandolat mahsulotlari orasiga yashirgan holda yuborilgan 350 gr “klefedron” sintetik narkotik moddasini qabul qilib olgan Chilonzor tumanida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan shaxs ushlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, Yashnobod tumanida yashovchi uning sherigi bo‘lgan, 35 yoshli shaxs ham jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, ushbu fuqaro o‘zining yashash uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan bo‘lib, undan og‘irligi 5,3 kg bo‘lgan sintetik giyohvand moddalar, “gashish” va “marixuana” moylariga o‘xshash moddalar, elektron tarozilar, kolba idishlar, uyali aloqa vositalari va laboratoriyada foydalaniladigan moslamalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Yana bir holatda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘iz Respublikasidan Andijon viloyatiga noqonuniy olib o‘tgan 1 kg 23 gr “geroin” moddasini shartli xaridorga 18500 AQSH dollariga sotgan paytida qo‘lga olingan.

Sirdaryo viloyatidagi holatda, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 3 nafar shaxs ketayotgan Cobalt mashinasi “Sayxun” yo‘l patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Avtomashinaning eshik qismidagi xufiyona yashirib qo‘yilgan 2516 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlangan.

Qayd etilishicha, ular ushbu dori vositalarini muqaddam kurerlar tomonidan Qo‘qon shahridagi “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olishgan. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 18 yoshli qiz va 22 yoshli yigit uyini narkolaboratoriyaga aylantirgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Javohir Aliqulov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent DXX shirinlik narkotik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing