Toshkentda mast bemor shifokorni kaltaklab, og‘ir jarohat yetkazdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Kecha, 24 mart kuni Toshkentda mast fuqaro Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorini kaltakladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Kechki payt soat 23:15 larda RSHTYOIMning toksikologiya qabul bo‘limiga poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida tekshiruvga olib kelingan. 

Bemorning onasi toksikolog xonasida o‘z xizmat faoliyatini o‘tayotgan navbatchi shifokor N.Toshpo‘latovaga o‘g‘li bir necha kundan beri spirtli ichimlik ichayotganligini bildirgan. 

Navbatchi shifokor o‘sha vaqtda boshqa bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotganligini va bundan so‘ng ularni ham qabul qilib, kerakli yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan. 

Shunga qaramay, bemorning onasi tibbiyot xodimlariga nisbatan turli  haqoratli va tuhmat so‘zlar bilan  e’tiroz bildirishni boshlagan. Bu ham yetmagandek bemor U.N. to‘satdan shifokor N.Toshpo‘latovaga og‘ir tan jarohati yetkazgan. 

"Shifokor N.Toshpulatovada bosh miya shishi asorati kuzatilib, “Ko‘shma kraniofatsial jarohat. Og‘ir darajadagi bosh miya  yopiq jarohati. Bosh miya og‘ir darajada lat yeyishi. Subaraxnoidal qon quyulishi. Burun suyaklari va burun to‘sig‘i sinib siljishi. Ensa va burun sohalarni yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi. Nazogemorreya” tashxisi bilan  neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizildi", deydi ushbu markaz direktori Doniyor Alimov. 

Ayni paytda u kuchli karaxtlik darajasida bo‘lib, og‘ir ahvolda davolanmoqda. Bemor atrofdagilarga sekin reaksiya berib,  muloqotga kirishishga qiynalmoqda.

Qayd etilishicha, xizmat vazifasi vaqtida bemor tomonidan nohaq kaltaklangan shifokor N.Toshpulatova 2017 yildan buyon shifokor-toksikolog lavozimida ishlab kelmoqda, o‘z xizmat vazifasini klinik protokollarga rioya qilib, talab darajasida bajarib kelgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huquq-tartibot organlaridan  jamiyatda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan bunday illatlarga qarshi kurashning ta’sirchan va samarali usullarini joriy etib, shifokorlarning haq-huquqlarini qat’iy himoya qilishlarini talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV

Baholaganlar

108

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing