Toshkentda maktab o‘quvchilari silga chalingani tasdiqlandi

Salomatlik

image

Avvalroq, QALAMPIR.UZ’ga Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan 59-, 82- va 115-maktab o‘quvchilari orasida sil kasalligi tarqalgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida murojaat kelib tushgandi. Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirib, maktabdagi epidemiologik vaziyat to‘liq nazorat ostida ekanini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi M.S. 2024 yilning 26 dekabrida Toshkent shahar 3-son ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.

Bemorning opasi M.D.ning so‘zlariga ko‘ra, singlisi M.S. so‘nggi oylarda tez-tez betob bo‘lgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor ko‘rigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan.

Dispanserda o‘tkazilgan rentgenografiya tekshiruvi natijasida unga “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi yallig‘langan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qo‘yilgan va bemor darhol Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.

M.S. bilan uyda muloqotda bo‘lgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024 yil 27 dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan o‘tkazilgan va ularda faol sil kasalligi aniqlanmagan.

Shuningdek, M.S. bilan muloqotda bo‘lgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59-sonli umumta’lim maktabi va bemor qo‘shimcha darsga qatnagan xususiy o‘quv maktabi o‘quvchilari va o‘qituvchilari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.

Tekshiruvlar davomida 1 nafar o‘quvchi (2008 yilda tug‘ilgan A.A., bemor M.S.ning yaqin dugonasi)da “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi o‘choqli sili” BK abs aniqlanib, u shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, 3 nafar o‘quvchi – A.A., R.M. va E.D. va 1 nafar o‘qituvchi B.U.larda kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 59-sonli umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bugungi kunda 59-sonli umumta’lim maktabida davlat dasturi asosida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sababli ushbu ta’lim muassasasining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 115-umumta’lim maktabida, yuqori sinf o‘quvchilari esa tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabida o‘qishni davom ettirmoqda.

Joriy yil 21 yanvarda 82-sonli umumta’lim maktabida tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy olib borilgan. 2025 yil 22 yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari o‘tkazilgan.

Shuningdek, 115-sonli umumta’lim maktabida ham 23 yanvar kuni tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy tashkil etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

maktab sil toshkent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing