Toshkentda kotlovan noto‘g‘ri qazilishi oqibatida simyog‘och qulab tushdi (video)
3-sahifa
−
16 may
6615Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Koxota ko‘chasidagi qurilish jarayonida kotlovan noto‘g‘ri qazilgani sababli simyog‘och qulab tushgani va bu qo‘shnilarning uyida yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgani, yong‘in aholi tomonidan o‘chirilgani to‘g‘risida tahririyatga ma’lumot kelib tushdi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida poytaxt Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bilan bog‘landi.
Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 15 may kuni qurilish ob’ektining yaqinida, yo‘l chetida o‘rnatilgan simyog‘och (ustun) qisman egilgan va qulagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holat qurilish jarayonidagi ehtiyotsizlik ortidan sodir bo‘lgan.
Hodisadan so‘ng Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining mas’ul xodimlari voqea joyiga chiqqan va holat atroflicha o‘rganilgan. Tekshiruv davomida hech kim jabrlanmagani, aholi va atrofdagi ob’ektlarga jiddiy zarar yetmagani aniqlangan. Shu bilan birga, yetkazilgan texnik zarar qurilish tashkiloti tomonidan tez fursatda bartaraf etilgan.
“Holat yuzasidan tashkilot mas’ullari bilan tushuntirish ishlari olib borildi va yozma ko‘rsatmalar berildi. Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun qurilish maydonlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish muhimligi yana bir bor eslatildi”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilonzor tumanida ham kotlovan qazilayotganda yo‘lning bir qismi o‘pirilib tushgan edi.
LiveBarchasi