Toshkentda xonadonida narkotik saqlagan shaxs ushlandi

3-sahifa

image

Kecha, 24 yanvar kuni Toshkent shahridagi xonadondan har xil turdagi giyohvand va psixotrop moddalari va ularni qadoqlashda kerak bo‘ladigan buyumlar saqlagan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Chilonzor tumanida ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1993 yilda tug‘ilgan R.I.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Tekshirish jarayonida puxtalik bilan yashirilgan umumiy og‘irligi 132 gramm bo‘lgan 29 702 dona bir martalik iste’mol uchun tayyorlab qo‘yilgan har xil turdagi giyohvand va psixotrop moddalari, 3 dona elektron tarozi, izolenta va “zip” paketlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda 1982 yilda tug‘ilgan muqaddam o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan H.A. hamda 1988 yilda tug‘ilgan U.F. ketayotgan avtomashina to‘xtatilib xolislar ishtirokida tekshirilgan. Tekshiruv jarayonida avtomashina salonida 1028 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlandi va ashyoviy dalillar tegishli tarzda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2511-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Har ikki holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Sergeli va Yashnobod tumanlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent narkotik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing