Toshkentda kasb kasaliga chalingan o‘qituvchiga 337 mln so‘m undirib berildi
3-sahifa
−
10 aprel
14876Toshkent shahar Sergeli tumanidagi maktablardan birida ishlagan o‘qituvchiga kasb kasali bo‘yicha zarar pullari to‘lanmay kelingani aniqlandi. O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan mazkur o‘qituvchiga jami 337 mln so‘m undirib berildi. Bu haqda kengash matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar Sergeli tumani maktablaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi D.M. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga 2024 yil kasb kasalligiga chalinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar Sergeli tuman Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ma’lumotnomasiga ko‘ra, uning kasb kasalligi bo‘yicha nogironlik guruhi uchinchi, kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilgani darajasi 40 foiz, kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasi joriy yil 30 aprelgacha, qayta ko‘rikdan o‘tish sanasi joriy yil 2 aprelgacha deb belgilangani, biroq unga kasb kasalligi bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan zarar to‘lovlari to‘lanmagani yuzasidan murojaat qilgan.
Murojaat O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilgan. O‘rganish natijasiga ko‘ra, D.M. ga 2024 yil aprel oyidan buyon manfaatdor shaxs D.M. ning o‘rtacha oylik ish haqining 40 foiz miqdoridagi kasb kasalligi tufayli sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonni qoplash uchun oylik to‘lovlar joriy yilning yanvar oyiga qadar to‘lanmagani, yanvar oyidan esa noto‘g‘ri hisob-kitob qilingan holda to‘lanayotgani hamda bir yo‘la to‘lanadigan bir martalik tovon pullari Sergeli tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshirilmagani aniqlangan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 321-moddasida ish beruvchi xodimning mehnatda mayib bo‘lishi va (yoki) kasb kasalligi tufayli hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart ekani belgilab qo‘yilgan. Qonun talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan 2024 yil 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 534-540-moddalari, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga asosan ish beruvchiga tegishli ko‘rsatma kiritilgan.
Biroq ish beruvchi tomonidan ko‘rsatma talablari o‘z vaqtida bajarilmagan. Shundan so‘ng, Respublika kengashi mutaxassislari tomonidan xodimning manfaatini ko‘zlab, Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Sergeli tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.
Sudning joriy yil 25 martdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vo qisman qanoatlantirilgan. Unga ko‘ra, da’vogar D.M. ga javobgar Sergeli tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan 19 mln 275 ming 204 so‘m zarar, 48 188 011 so‘m biryo‘la to‘lanadigan nafaqa, to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagani uchun 268 mln 706 ming so‘m kompensatsiya, 1 mln so‘m ma’naviy zarar hamda 37 500 so‘m pochta xarajatlari undirib berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatidagi paxta titish korxonasida mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtda elektr toki urishi oqibatida vafot etgan elektrikning oilasiga 126 mln so‘m to‘lab berilishi belgilangan edi.
LiveBarchasi