Toshkentda qoida buzgan bir qancha IIO xodimlari jarimaga tortildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat mashinasida yo‘l harakati qoidasini buzgani haqida xabarlar tarqaldi. Ularning ko‘pchiligida poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutishi haqida savollar va fikrlar qoldirilgan.

Toshkent shahar IIBB mazkur qoidabuzarliklar bo‘yicha munosabat bildirdi va qonunbuzar kim bo‘lishidan qat’i nazar javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

“Qonun oldida hamma tengdir, yo‘lda xatolikka yo‘l qo‘yildimi, uning ortidan ma’muriy javobgarlikka (ba’zida intizomiy javobgarlikka) tayyor bo‘lish kerak. Shuningdek, IIOdagi xizmat insondan alohida mas’uliyatni talab qiladi, chunki u atrofdagilarga ibrat bo‘lishi kerak. Ammo real hayot idealdan farq qiladi: xodim ham oddiy inson kabi, o‘zining fe’lidan va hayotidagi holatlardan kelib chiqib belgilangan qoidani buzishi mumkin. Bunday holda YPX inspektorining bayonnomasi va keyinalik ushbu holat bo‘yicha tekshiruv olib boriladi”, deyiladi IIBB xabarida.

Joriy yilning 31 oktyabr kuni soat 15:42 da ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi guruhlardan birida shunday xabar qoldirgan: “videoregistratorda qayd qilinishicha, shu kuni ertalab xizmat davlat raqamiga ega Nexia-3 rusumli avtomobil Choshtepa ko‘chasidan harakatlanib, oqimdagi transport vositalariga xalal bergan.”

Ushbu harakat bilan Yo‘l harakati qoidalarining 53-bandi, ya’ni “Haydovchi harakatlanishni boshlash, yo‘nalishni o‘zgartirish (qayta tizilish, burilish, qayrilib olish, quvib o‘tish va aylanib o‘tish) va to‘xtashdan oldin bajarilayotgan manyovr xavfsiz ekanligiga va boshqa harakat qatnashchilariga xalaqit bermasligiga ishonch hosil qilishi kerak” qoidasi buzilgan.

Ushbu fakt bo‘yicha Nexia-3 rusumli avtomobil (davlat raqami 01 067 VSC) Shayxontoxur tumani ichki ishlar bo‘limiga biriktirilgan. Bunday harakatlanishga sabab (misol uchun, zarur chaqiruv, huquqbuzarlik va hokazo) bo‘lmaganligi aniqlandi. Avtomobilni boshqargan xodimga nisbatan keyingi kun soat 07:50 da O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasiga  muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi, – eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Haydovchi bilan yo‘llarda xatoga yo‘l qo‘yish mumkin emasligi haqida profilaktik suhbat o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, xuddi shu kabi choralar boshqa holatlarga nisbatan ham qo‘llanildi. Poytaxt Uchtepa tumani maxsus inspeksiyasi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari xabarini qayd etishdi. Ya’ni, 29 oktyabr kuni soat 18:08 da Lolita Shah ismli foydalanuvchi yuqoridagi guruhda videoma’lumot qoldirgan edi, unda Nexia-3 avtomobili (davlat raqami 01 158 VSC) Farhod va Lutfiy ko‘chalari kesishmasidagi svetoforning taqiqlovchi signalini mensimasdan harakatlangan.

Ushbu avtomobil Uchtepa tumani IIO FMBgak biriktirlgan bo‘lib, uni boshqargan xodimga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-4-moddasi ikkinchi qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzildi. Unga ko‘ra, Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi, – eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Haydovchi bilan birofilaktik suhbat o‘tkazildi.

“Hurmatli, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari! Biz tomondan olib boriladigan ichki ishlar haqida har doim ham sizga xabar bermaymiz, chuni ba’zida inson omili xizmat burchidan yuqori kelishini ko‘rish, biz uchun oson emas. Ammo e’tiborimizga tushadigan barcha faktlar bo‘yicha biz tomondan choralar ko‘rilmasligi haqidagi fikrlar noto‘g‘ridir. Bunday hollarni oshkor qilish ham zarur emas: xabarni ommaga namoyish qilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zimizga jo‘natgan insonlar buni bilishadi. Agar sizning registratoringizga yo‘l harakati qoidasini buzayotgan xizmat avtomobili tushib qolsa va haydovchi-xodim xizmat vazifasini ado etayotganligiga ishonchingiz komil bo‘lmasa – videoma’lumotni shaxsiy xabar ko‘rinishida bizning rasmiy Facebook-sahifamizga jo‘nating. Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishi biz uchun muhimdir, ayniqsa gap xodimlar haqida ketganida, bunday ma’lumotlar biz tomondan e’tiborsiz qoldirilmaydi”, deydi IIBB o‘z murojaati so‘ngida.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent IIBB jarima

Baholaganlar

95

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing