Toshkentda qalbaki dori ishlab chiqarib, sotganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida noqonuniy sexda ishlab chiqarilgan qalbaki dori vositalari dorixonalar orqali sotuvga chiqarilgani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXX xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJga tegishli manzilda tashkil etilgan yashirin sexda qonunga xilof tarzda qalbaki dori vositalari tayyorlanishi va shahar dorixonalari orqali sotilishi ma’lum bo‘lgan.

Tekshiruv davomida ushbu manzildan jami 11 dona dori ishlab chiqarish stanogi, 21 dona dori tayyorlashda kerak bo‘ladigan qolip hamda umumiy og‘irligi 389 kg bo‘lgan kukun va tabletkalar, Raikal nomli pnevmatik qurol va boshqa narsalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, MCHJga tegishli ikkinchi manzilda ham yashirin sex mavjud bo‘lib, undan dori vositalari ishlab chiqarishda foydalaniladigan qolip va uskunalar, bo‘sh dori kapsulalari, qutilari, yo‘riqnomalar, kukun ko‘rinishidagi xom-ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi” DM ekspertiza xulosasiga ko‘ra, yashirin sexda “Ursosan 250 mg”, “Neyromidin 20 mg”, “Fanigan” dori vositalari qalbakilashtirilgan.

Tadbir mantiqiy davom ettirilib, mazkur sexda ishlab chiqarilayotgan dorilarni sotish bilan shug‘ullanuvchi va “Fanigan” dori vositasini qalbakilashtirish bo‘yicha buyurtma berib, 130 kg ushbu dorining substansiyalarini keltirib bergan shaxsning dorixonasi ham ko‘zdan kechirilgan.

Natijada ushbu dorixonadan “Fanigan”, “Azimak”, “Siprolet” kabi 15 turdagi 1 067 quti qalbaki hamda 14 turdagi 274 quti yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar aniqlangan.

Hozirda noqonuniy sex tashkilotchilarining 3 nafariga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 2-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida sal kam 600 ming dona qalbaki dori ishlab chiqargan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yilgandi. Dori vositalarini tayyorlashga mo‘ljallangan yashirin sexda tegishli hujjatlari bo‘lmagan va xavfsizligi kafolatlanmagan 49 nomdagi 594 127 dona “Futsis”, “Prosulpin”, “Ursosan”, “Arbidol” va boshqa dori vositalari topilgan. Bu dorilar 50 ta asbob-uskunalar, hususan stanok va qoliplar yordamida qo‘lbola usulda tayyorlab kelingan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent qalbaki dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing