Toshkentda ilk “sport” bekati paydo bo‘ldi

Jamiyat

image

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi avtomobil bozori yaqinida joylashgan va 12 ta avtobus yo‘nalishi o‘tadigan bekatda vorkaut maydonchasi tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bekat maydoni qisqa muddatli jismoniy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan sport anjomlari bilan to‘ldirilgan.

“Bunday yondashuv shahar infratuzilmasi nafaqat harakatlanish, balki aholining qulayligi, salomatligi va kundalik farovonligi uchun ham yaratilayotganini aks ettiradi. Endi yo‘lovchilar avtobus kutish vaqtidan yengil mashqlar, tortilish yoki oddiy jismoniy harakatlar uchun foydalanishlari mumkin”, deyiladi markaz axborotida.

Qayd etilishicha, bunday yechimlar boshqa shaharlarda ham uchraydi. Xususan, Seul, Pekin, Singapur, Parij, Bogota va Kalida avtobus pavilyonlari turniklar, zinapoyalar va boshqa sport anjomlari bilan jihozlangan kichik faollik hududlariga aylantirilgan.

YHTEMga ko‘ra, bunday ob’ektlar aniq manzillarda – avvalo aholi zich joylashgan hududlarda, serqatnov yo‘nalishlar tarmog‘iga ega bekatlarda hamda kutish va faollik hududlarini xavfsiz ajratish uchun yetarli joy mavjud bo‘lgan yerlarda o‘rnatiladi. Sport maydonchalarini tashkil etishning asosiy shartlari sifatida xavfsizlik, yo‘lovchilar uchun qulaylik, mustahkam konstruksiyalar, muntazam texnik xizmat ko‘rsatish hamda jamoat transporti va piyodalar harakatiga xalaqit qilmaslik keltirilgan.

Ta’kidlanishicha, jamoat transportiga ustuvorlik berish poytaxt hokimligining asosiy vazifasi bo‘lib, bu ish nafaqat yangi yo‘nalishlar va yo‘laklarni, balki bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi.

“Biz takliflarga ochiqmiz hamda bu kabi vorkaut-bekatlar haqiqatan ham foydali va zarur bo‘ladigan yangi manzillarni, shuningdek, ularning jihozlanish turlarini ko‘rib chiqishga tayyormiz”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, jamoatchilikdan agar yo‘lovchi oqimi faol bo‘lgan va bunday maydonchani xavfsiz joylashtirish uchun yetarli joyga ega manzillarni bilsa, takliflarini @codd_tashkent_bot Telegram-botiga yuborishi mumkinligi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing