Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tadi
Jamiyat
−
06 noyabr 2023
82338-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyaning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Sammit dasturi doirasida O‘zbekiston yetakchisi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga 1985 yilda asos solingan, uning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Tehron shahrida joylashgan. O‘zbekiston Respublikasi 1992 yildan boshlab IHT a’zosidir. Ushbu tashkilotning oxirgi sammiti 2021 yilning noyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan edi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu bo‘lib o‘tadigan sammit sababli joriy yilning 8 noyabridan 10 noyabrigacha Toshkentning ayrim ko‘chalarida harakatlanish cheklanadi. Bundan tashqari, IHT sammiti bo‘lib o‘tadigan 8 va 9 noyabr kunlari Toshkent shahriga yuk tashuvchi transport vositalarining kirishi qisman cheklanadi.
LiveBarchasi