Toshkentda IIB xodimi pichoqlandi
3-sahifa
−
09 aprel
13685Toshkent viloyatining Toshkent tumanida profilaktika katta inspektori pichoqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Voqea kecha, 8 aprel kuni soat 21:30 larda sodir bo‘lgan. IIB xodimi o‘z xizmat vazifasini olib borayotgan vaqtida, tumanning Qorasaroy mahallasida yashovchi fuqaro telefon qilib, akasi bilan bo‘layotgan oilaviy janjal haqida xabar bergan.
Xabarga asosan profilaktika katta inspektori aytilgan manzilga yetib borgan vaqtida telefon qilgan fuqaroning akasi xonadon darvozasining oldida qo‘lida oshxona pichog‘i bilan turganligini ko‘radi. Fuqaro qo‘lidagi o‘tkir tig‘li jismni tashlash haqidagi IIB xodimining qonuniy talablarini bajarmasdan, unga faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan profilaktika katta inspektorining chap bel qismiga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.
Toshkent tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, IIB xodimida bel sohasida sanchilgan kesilgan jarohat aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaroga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Toshkent tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi maktablardan birida ro‘y bergan janjalni bartaraf etmoqchi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimiga tan jarohati yetkazilgandi.
LiveBarchasi