Toshkentda IIB binolarida fuqarolarni qabul qilish to‘xtatildi
Jamiyat
−
25 mart 2020
6349Koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish bo‘yicha joriy etilgan tartib munosabati bilan Toshkent shahar IIBB Markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari binolarida fuqarolar va yuridik shaxslar vakillarining qabullari vaqtinchalik to‘xtatiladi.
Barcha murojaatlar elektron ko‘rinishda elektron pochta (Telegram-bot) orqali qabul qilinmoqda:
Toshkent shahar IIBB: info@iibb.uz;
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi: @passport_viza;
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi: Yhxb.iibb.uz (saytda fuqarolar murojaati rukni mavjud).
Shuningdek murojaatlar quyidagi telefon raqamlari orqali qabul qilinadi: 71-281-93-34, 71-281-94-18 yoki O‘zbekiston Respublikasi IIV “ishonch raqami” 1102 orqali.
“Shu bilan birga ma’lum qilamizki, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning tuman bo‘linmalari tergovchilariga jinoyat ishi bo‘yicha tergov jarayoni qatnashchilarini ichki ishlar organlariga faqatgina kechiktirib bo‘lmas tergov harakatlarini o‘tkazish uchun olib kelishlari mumkin. Texnik imkoniyatlar majud bo‘lgan taqdirda barcha tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq videokonferensiya tarzida, ichki ishlar organlarining ma’muriy binolariga jarayon qatnashchilari bo‘lmagan shaxslarni kiritmagan holda olib boriladi”, deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu vaqtinchalik cheklovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va davlat sanitariya nazorati organlarining tegishli tavsiyalari ijrosi o‘laroq joriy etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 55 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor