Toshkentda ichimlik suvi ta’minoti yana 6 soatda to‘liq tiklanadi
Jamiyat
−
25 yanvar 2022
3913Toshkentda yaqin soatlar ichida ichimlik suvi ta’minoti tiklanadi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxt aholisining asosiy qismini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi “Qodiriya” bosh suv inshootida yuqori kuchlanishli elektr ta’minotida nosozlik sabab nasos agregatlarida o‘chish holati yuzaga kelgan.
Shu tufayli, Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik suv ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar ro‘y bergan.
Xabarga ko‘ra, hozirgi vaqtda suv inshootida elektr ta’minoti qayta tiklangan, ichimlik suv gidravlik rejimini tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda.
“Yaqin soatlar ichida Toshkent shahri suv ta’minoti oldingi maromiga qaytadi”, deyiladi xabarda.
Uy-joy kommunal xo‘jalik vazirligi Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor tumanlariga va Chilonzor tumanining bir qismiga 3 soat ichida suv berish to‘liq tiklanishini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, Toshkent 6 soat ichida to‘liq suv bilan ta’minlanadi.
Qayd etish kerak, Toshkent viloyatining Olmaliq, Angren, Chirchiq, Ohangaron shaharlari hamda Yuqori Chirchiq, Parkent, Bo‘stonliq tumanlarida ichimlik suv ta’minoti to‘liq ishga tushdi.
“Konets sveta”
Bugun, 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan dastlab, Toshkent metropoliteni faoliyati to‘xtatildi, poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi.
Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha aeroportlar faoliyati cheklandi.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olmaota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xojikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan.
Shuningdek, Toshkent shahrining qator hududlarida elektr ta’minioti tiklandi.
LiveBarchasi