Toshkentda “garmoshkali” avtobuslardan birining tomi qo‘porilib tushdi
Jamiyat
−
01 may 2023 12713 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentga yaqinda keltirilgan “garmoshkali” avtobuslardan birining tom qismi qulab tushgani haqida video tarqaldi. Mazkur lavhada avtobusning tom qismida joylashgan gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamasi yo‘lning qatnov qismiga tushib qolgani aks etgan. Holat bo‘yicha “Toshshahartransxizmat” AJ Axborot xizmati munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 may kuni, 24-sonli “King Long” rusumli avtobusning tom qismida joylashgan gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamasi yo‘lning qatnov qismiga tushgan.
Mazkur holat soat 9:00 da “2-Avtobus saroyi” filialiga qarashli “Yunusobod-6” – “TTZ ASHB” yo‘nalishida harakatlanayotgan T.N. (1964 yilda tug‘ilgan, 37 yil ish stajiga ega) bilan sodir bo‘lgan. Avtobus Yunusobod tumanida joylashgan “Billur” to‘yxonasining ro‘parasida ajratilgan yo‘lakda harakatlangan. Yo‘lning qatnov qismiga qarab o‘sgan diametri taxminan 50-60 sm bo‘lgan daraxt shoxlari avtobusning tom qismida joylashgan gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamasiga tegib ketgan va mazkur himoya qoplamasini qo‘porib yuborgan.
Oqibatda avtobusning tom qismi texnik shikastlanib, gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamaga zarar yetgan. Voqea tufayli hech kim tan jarohati olmagan.
“Hozirda ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga murojaat qilinib, kamchiliklar bartaraf etilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr