Toshkentda firibgarlikning yangi turi paydo bo‘ldi
3-sahifa
−
17 Oktabr
21795Firibgarlar tomonidan Telegram orqali yuqori lavozimlarda ishlovchi vazirlik, idora va turli xil tashkilot rahbar hamda mas’ul xodimlari nomidan soxta profillar yaratilib, qo‘l ostidagi xodimlarni aldash holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, firibgarlar korxona yoki tashkilot rahbari nomidan Telegram’da soxta akkaunt ochib, qo‘l ostidagi ishchilardan biriga SMS yozgan. Muloqot davomida xodim bilan go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar qiziqayotgani va undan (rahbardan) ba’zi ma’lumotlarni so‘rashganini aytgan. Bir ozdan so‘ng unga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi aloqaga chiqishini ma’lum qilgan.
Firibgarning, ya’ni “o‘z rahbarini” gaplariga ishongan xodim bir necha daqiqadan so‘ng u bilan aloqaga chiqqan shaxsga (go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili) so‘ragan barcha ma’lumotlarini berib yuborgan.
Xabarga ko‘ra, buning oqibatida ishchi-xizmatchilar plastik kartalaridagi mablag‘laridan ayrilib qolmoqda.
“Ogoh bo‘ling, shu turdagi kelgan SMS yoki boshqa xabarlarni qabul qilish va ishonishdan oldin telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib yoki shaxsan xabar yuborgan shaxsga aloqaga chiqib xabarni qayta tekshirib ko‘ring! Hurmatli fuqarolar, agar siz shu kabi holatlarga duch kelgan bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-55-00 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Toshkent shahri aholisi orasida firibgarlikning boshqacha turidan jabrlanayotganlar ko‘paygani aniqlangandi. Firibgarlikning bu usulida jabrlanuvchining yashash manzilidagi uy telefoniga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, baqirib yig‘lagan ovozda “Ona men YTHga uchradim, “avariya” mening aybim bilan sodir bo‘ldi. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda, uni zudlik bilan operatsiya qilish kerak. Meni qamab qo‘yishmoqchi”, deb vahima bilan gapiradi. So‘ngra go‘shakni boshqa noma’lum shaxs olib, go‘yoki o‘zini “tergovchi” deb tanishtiradi va yaqin qarindoshi ya’ni farzandi yoki nabirasi YTH sababchisi bo‘lganini, hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va qamoqqa olish choralari ko‘rilayotganini aytib qo‘rqitadi. Buni eshitgan jabrlanuvchi sarosimaga tushadi va jinoyat ishini qo‘zg‘atmaslik va hammasini oson yo‘l bilan hal qilish taklifini beradi, ya’ni firibgarlar “YTHga uchragan jabrlanuvchi” bilan kelishish uchun pul berish kerakligini aytib, jabrlanuvchini chuv tushiradi.
LiveBarchasi