Toshkentda erkak axlatxonada yashayotgan ayolni tiriklayin yoqib yubordi
3-sahifa
−
26 dekabr 2023
24836Toshkentda 57 yashar erkak chiqindilar tashlash joyida yashab kelayotgan 48 yashar ayolning ustidan benzin to‘kib, uni yoqib yubordi. Oqibatda ayol og‘ir darajada kuyish tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, u hozirda tirik. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 23 dekabr kuni poytaxtning Yashnobod tumanidagi qurilish ob’ektiga qarashli maishiy chiqindilar tashlash joyida sodir bo‘lgan.
Surishtiruvlar jarayonida ayolni u bilan birga yashovchi tanishi, 57 yoshli erkak yoqib yuborgani ma’lum bo‘lgan. Erkak ayol bilan avval qattiq janjallashgan, keyin esa uning ustiga yelim idishdagi benzinni sepib, uni yoqib yuborgan.
Jabrlanuvchi ayolning tanasida 18% kuyishi, bosh o‘ng tepa qismining lat yeyishi kabi tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlagan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Hindistondan kelgan erkak Andijonda o‘zini yoqib yuborgan edi.