Toshkentda erini o‘ldirgan kelin va uning qarindoshiga sud hukmi o‘qildi
Jamiyat
−
14 fevral 2020
17622O‘tgan yilning 5 oktyabr kuni Toshkentning “Kamolon” mahallasida yigit o‘z turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘ldirilgani haqidagi xabarlar katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. 1993 yilda tug‘ilgan A.A.ning jasadi yotoqxonasida dazmol shnuri bilan bo‘g‘ilgan holda topilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tgan majlisda mazkur jinoyat yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi.
Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, A.A.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan bo‘g‘ilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuz berganligi aniqlangan.
Tezkor-tergov harakatlarida aniqlanishicha, K.A. turmush o‘rtog‘i A.A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni qasddan o‘ldirish haqida qarindoshi O.X. bilan jinoiy til biriktirgan.
O.X. 2019 yil 4 oktyabr kuni soat 19:00 larda A.A.ning yashash uyiga kelib, xonadon mehmonxonasidagi stol ostiga berkinib, K.A. bilan uning turmush o‘rtog‘i A.A.ni o‘ldirish uchun qulay fursat kutib, 2019 yil 5 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:30larda yotoqxonaga kirib, A.A. uyg‘oq bo‘lganligi sababli uning ustiga chiqib, yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarbalar berib, so‘ngra oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘a boshlagan.
Natijada, A.A. o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yaqin qarindoshlarini yordamga chaqira boshlagan vaqtida K.A. o‘z turmush o‘rtog‘ining yuz qismiga yostiq bilan bosib, uning nafas yo‘llarini berkitib, A.A.ni qasddan o‘ldirishgan.
Sudda O.X.ga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, marhum A.A.ning turmush o‘rtog‘i K.A.ga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi