Toshkentda Bo‘zsuv kanali bo‘ylab ekotematik park barpo etish boshlandi

Jamiyat

image

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida Bo‘zsuv kanali bo‘ylab yirik ekotematik park tashkil etish loyihasiga start berildi. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov aholi bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha kanal qirg‘og‘ining 3 kilometrdan ortiq hududini qamrab oladi. Uning asosiy maqsadi mavjud tabiiy muhitni saqlab qolgan holda aholi uchun zamonaviy dam olish va sport maskanlarini yaratishdan iborat.

Loyiha doirasida piyodalar va velosiped yo‘laklari, bolalar maydonchalari, sport zonalari, hordiq chiqarish maskanlari hamda jamoat hududlari barpo etiladi. Shuningdek, kanal bo‘ylab xavfsizlik panjaralari va yoritish tizimlari o‘rnatilib, piyodalar ko‘prigi quriladi. Ushbu ko‘prik atrofdagi bir nechta mahallalarni o‘zaro bog‘lashi rejalashtirilgan.

Loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri yovvoyi qushlar va boshqa jonivorlar uchun maxsus ekologik orolchalar tashkil etilishidir. Bundan tashqari, suv sportini rivojlantirish maqsadida baydarka va kanoe mashg‘ulotlari uchun alohida hududlar ajratiladi. Baliq ovlash uchun maxsus joylar ham yaratiladi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, hududdagi daraxt va butalar saqlab qolinadi, qo‘shimcha ko‘chatlar ekiladi. Tabiiy relef va yovvoyi tabiatga zarar yetkazmaslik loyihaning asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi.

Toshkent shahar hokimi daraxtlarni kesishga yo‘l qo‘yilmasligi va bu masala hokimlik hamda ekologiya organlari nazoratida bo‘lishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ekologik samaradorligini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Uchtepa Bo'zsuv ekotematik park

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing