Toshkentda avtobuslarning yonishi ortidan 5 kishi ishdan bo‘shatildi
3-sahifa
−
26 fevral
10676Avvalroq, Toshkent shahri va viloyatida harakatlanuvchi ikkita avtobusda yong‘in sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Buning ortidan 5 nafar mas’ul xodim ishdan bo‘shatildi. Bu xaqda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 26 fevral kuni AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari-bosh muhandis J.Mannopov, Idoralararo tezkor shtab boshlig‘i B.Mamenov, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari boshchiligida avtobus saroyi filiallari rahbarlari, bosh mexaniklar va mas’ul xodimlar ishtirokida avtobuslar bilan sodir bo‘layotgan texnik nosozliklar, tutash holatlari va yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari muhokamasiga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
“Yig‘ilishda avtobuslarning texnik holatiga mas’ul bo‘lgan, ularning yo‘nalishga chiqish oldi texnik ko‘rigini talab darajasida bajarmay, o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan xodimlarga keskin chora ko‘rilib, 5 nafar mas’ul xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, avtobuslarning texnik holatini birma-bir tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha 8 ta avtobus saroylari mas’ul xodimlariga topshiriqlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi, bosh muhandisi hamda 1 va 8-avtobus saroyi filiallari rahbarlari o‘zaro til biriktirib, avtobus saroylaridagi ehtiyot qismlar, yoqilg‘i mahsulotlarini talon-toroj qilish yo‘li bilan davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda iqtisodiy zarar yetkazgani ma’lum bo‘lgan va ulargan nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.