Toshkentda antiseptik ishlab chiqarishga mo‘ljallangan spirt pullandi
3-sahifa
−
17 noyabr 2023
5869Toshkent shahrida antiseptik ishlab chiqarish uchun xarid qilingan etil spirtini sotib yuborgan MCHJ rahbarlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “M.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul shaxslari antiseptik va loson ishlab chiqarish uchun xarid qilingan 19,4 milliard so‘mlik 1 153 tonna etil spirti talon-toroj qilingani aniqlangan.
Unga ko‘ra, MCHJ mas’ullari etil spirti ishlab chiqaruvchi korxonalardan xarid qilingan xomashyoga antiseptik va loson mahsulotlarini ishlab chiqarmasdan, ular sotilgani to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlar tayyorlab, etil spirtini boshqa shaxslarga naqd pulga sotib yuborgani ma’lum bo‘lgan.
Shu kabi “M.W.” MCHJ mas’ul shaxslari ham antiseptik ishlab chiqarish uchun xarid qilgan 8,9 milliard so‘mlik 402,6 tonna etil spirtini pullagani aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda 300 litrga yaqin qo‘lbola aroq tayyorlaganlar ushlangan edi. Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Qo‘shtepa tumanlarida yashovchi 7 kishi aroqdan zaharlangan va ularning 4 nafari vafot etgandi.
LiveBarchasi