Toshkentda 9 may munosabati bilan bayram salyuti otiladi
Jamiyat
−
20 fevral
24889 may kuni Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bayram salyuti va mushakbozlik bo‘lib o‘tadi. Bu kecha, 19 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qilgan tegishli qarorda belgilangan.
Qayd etilishicha, asosiy tadbirlar “Farovonlik, tinchlik va Vatan himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida o‘tkaziladi. Urush faxriylari va front orti mehnatkashlari moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanib, ularga yubiley medallari topshiriladi. Xususan, tantanali marosimlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Faxriylarga sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar beriladi, patronaj xizmati va tibbiy yordam tashkil etiladi.
Shuningdek, 9 may kuni soat 21:00 da “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bayram salyuti va mushakbozlik bo‘lib o‘tadi. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash, bayram salyuti va mushakbozlikni tashkil etish choralarini ko‘rish topshirildi. Ikkinchi jahon urushining yolg‘iz va kam ta’minlangan qatnashchilari yashaydigan joylarni ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov zimmasiga yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 000 AQSH dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam berilishi haqida xabar berilgandi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi