Germaniyada Yangi yil oqshomida 5 kishi salyut qurboni bo‘ldi
Olam
−
01 yanvar
5127Germaniyaning bir nechta federal shtatlarida besh kishi Yangi yil arafasida pirotexnika bilan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Politsiya xabariga ko‘ra, Gezeke shahri (Shimoliy Reyn-Vestfaliya) yaqinidagi dalada otilgan mushakbozlik oqibatida 24 yoshli yigit halok bo‘ldi. Hodisa yuzasidan tergov davom etmoqda.
Saksoniyaning Oshats shahrida esa 45 yoshli erkak portlash oqibatida boshidan qattiq jarohat olib, shifoxonada vafot etgan. Politsiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, odamlarning o‘limiga olib kelgan feyerverklar yuqori quvvatli bo‘lib, ularni sotib olish va ishlatish uchun maxsus ruxsat yoki o‘qitish talab qilinadi.
Saksoniyada pirotexnika qurboni ham ro‘yxatga olingan: 50 yoshli erkak Dyobeln yaqinida qo‘lbola pirotexnikani portlatmoqchi bo‘lgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u boshidan jiddiy jarohat olgan va voqea joyida vafot etgan.
Yarim tundan so‘ng Gamburgda yana bir fojia yuz berdi. 20 yoshli yigit mushakbozlikda halok bo‘lgan.
Shuningdek, Brandenburgda fojiali oqibatlarga olib kelgan pirotexnika hodisasi yuz berdi. Kremmen shahrida 21 yoshli yigit mushakbozlik paytida vafot etgan. Bundan tashqari, shtat politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, salyutlar bilan bog‘liq yana ikkita baxtsiz hodisa uch kishining og‘ir kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilishi bilan yakunlangan.
Berlinda Yangi yil arafasida jamoat tartibini buzuvchilar bilan to‘qnashuvda 13 politsiyachi jarohat olgan. Ulardan biri o‘ziga qarata otilgan pirotexnikadan qattiq kuyish jarohati olgan.
LiveBarchasi