Toshkentda 9,2 mlrdlik noqonuniy dorilarni sotish platformasi fosh qilindi
Jamiyat
−
26 mart 2021
4994Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida sifati kafolatlanmagan, shuningdek qalbakilashtirilgan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarning noqonuniy realizatsiyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur tumandagi xonadonlardan biri belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yer xonadon emas, aksincha o‘ziga xos yashirin savdo plaftormasi ekani aniqlangan.
Bu yerda tezkor aloqa liniyasi – “Call Center” tashkil qilingan bo‘lib, 150 nafarga yaqin aloqa operatorlari sifati kafotlanmagan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni mijozlarga o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.
Tezkor tadbir davomida xonadonda, ya’ni dorixonadan tashqari hududda kelgusida sotish uchun mo‘ljallab qo‘yilgan 96 622 dona dori vositalari va tibbiy buyumlar, 72 902 quti biologik faol qo‘shimchalar qonunga xilof ravishda saqlanayotganligi aniqlangan.
Mazkur dori va qo‘shimchalar jinsiy quvvatni oshiruvchi, ozdiruvchi, semirtiruvchi, gijjalarga qarshi, yurak faoliyatini yaxshilovchi va boshqa maqsadlar uchun ko‘zlangan.
Dori va biologik faol qo‘shimchalar shu yerning o‘zida bo‘sh qutilarga qadoqlangan, qutilar uchun yorliqlar, qo‘llash uchun yo‘riqnomalar ham shu yerdagi rangli printerda chop qilingan.
Xonadonda preparatlarni sotishda yordamlashganlarga sovg‘a sifatida berish uchun mo‘ljallangan – 5521 dona tovarlar – parfyumeriya vositalari, oshxona anjomlari, telefon aksessuarlari va boshqalar saqlanayotganligi aniqlangan.
Bundan tashqari “Call Center” faoliyatida foydalanib kelingan 202 ta monitor, 196 ta protsessor, 10 ta noutbuk, 1 dona rangli printer, tovarlarga tegishli yuk xatlari, noqonuniy savdo qayd qilib borilgan hisob daftarlari ham ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Shunday qilib o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir natijasida dastlabki qiymati 9 mlrd 179 mln so‘mlik dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar va boshqa tovar-moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi