Toshkentda 86 yoshli ayol uyida qulflangan holda qarovsiz qoldirildi (video)
Jamiyat
−
31 iyul 5643 3 daqiqa
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 86 yoshli ayol uyida ustidan qulflangan holda bir necha kun qarovsiz qoldirildi. Bu voqea aks etgan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Bosh prokuratura rasmiy munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoni qulflanib qolgan eshiklarni ochish xizmati bilan shug‘ullanuvchi yigit tasvirga olgan. Unga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi keksa ayolning eshigi ochilmayotgani haqida murojaat kelgan.
Manzilga yetib borgan yigit eshikni ochgach, uyda yolg‘iz qolgan ayol uni tashqaridan qulflab ketishganini va bir necha kundan beri och qoldirilganini aytgan.
Ma’lum qilinishicha, ayolga tegishli xonadon avvalroq boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgan bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi voqeani alohida nazoratga olganini ma’lum qildi. Agentlikning hududiy mas’ullari va mutaxassislari voqea joyiga chiqib, ayolning ijtimoiy ahvoli va ehtiyojlarini o‘rgangan.
O‘rganish davomida aniqlanishicha, fuqaro L. Juravlyovaga 2026 yil 11 iyundan boshlab uy sharoitida ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish uchun vaucher ajratilgan bo‘lib, unga haftasiga to‘rt marta xizmat ko‘rsatib kelingan.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi xulosasiga ko‘ra, ayol kognitiv buzilishlar va tomirli demensiya kasalligidan aziyat chekayotgani sababli shifokorlar nazoratida bo‘lgan.
Voqeadan so‘ng fuqaro qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasida unga 2–3 darajali dissirkulyator ensefalopatiya, kognitiv buzilishlar, tomirli demensiya hamda tarqoq osteoxondroz tashxisi tasdiqlangan.
Mutaxassislar ayolning xotirasi, fikrlashi va atrof-muhitni anglash qobiliyati sezilarli darajada pasaygani, u mustaqil ravishda ovqatlana olmasligi hamda kundalik ehtiyojlarini qondirishga qiynalayotganini aniqlagan. Shuningdek, u yolg‘iz qolganda gaz jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki eshikni ochiq qoldirish kabi holatlar tufayli o‘ziga va atrofdagilarga xavf tug‘dirishi mumkinligi qayd etilgan.
Shu sababli “Inson“ ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan fuqaro Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markaziga joylashtirilgan. Hozirda unga ushbu muassasada 24 soatlik parvarish va tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani, ahvoli barqaror ekani bildirilgan.
Agentlik, shuningdek, tuman “Inson“ markazi hamda tibbiyot birlashmasi xodimlari fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashayotganini o‘z vaqtida aniqlamagani va unga doimiy parvarish zarurligini belgilamaganini qayd etgan. Shu munosabat bilan mas’ul xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 1940 yilda tug‘ilgan L. Juravlyova Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xonadonda yolg‘iz yashab kelgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida unga tegishli uy 2025 yil 25 sentyabrda notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgani aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uy-joyni begonalashtirish vaqtida ayol o‘z harakatlarining mazmunini anglash va ularni boshqarish qobiliyatiga ega bo‘lgan-bo‘lmaganini, shuningdek, firibgarlik qurboniga aylangan bo‘lishi mumkinligini tekshirish zarurligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a“ bandi bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atgan.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur ish yuzasidan barcha holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona aniqlashga qaratilgan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiq shahrida ko‘p qavatli uy oldida daydi it va mushuklarni oziqlantirgan ayol javogarlikka tortilib, bir muddat vaqt o‘tgach uyidan o‘lik holda topilgan edi.
Live
Barchasi