Toshkentda 678 kishi nafas qisishi tufayli “Tez yordam”ga murojaat qildi – SSV
Jamiyat
−
05 noyabr 2021
7054Kecha, 4 noyabr kuni “Tez yordam” xizmatiga 4082 ta chaqiriq bo‘lgan. Shundan 678 tasi bevosita nafas siqishi bilan bog‘liq murojaatlardir. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘ribayevga ko‘ra, ushbu bemorlarga “tez yordam” brigadalari tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, ma’lum qismi gospitalizatsiya qilingan.
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarurligini ta’kidlagan.
“Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak.
Chunki bunday havo tarkibida changlar bilan birga, o‘simlik changchalari, zamburug‘ sporalari juda katta konsentratsiyada bo‘ladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim”, degan Razikova.
Mutaxassisga ko‘ra,nim ta’sir qiluvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni chayish, xonalarni yopiq saqlash, xo‘l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig‘imli idishlarga suv solib qo‘yish zarur.
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.
Shuningdek, agar fuqarolarda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, kichishish bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda allergolog shifokorga murojaat qilishlari eslatilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 5 barobar oshdi.
Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.
LiveBarchasi