Toshkentda 6,5 va undan yuqori balli zilzilalar bo‘lish xavfi bor
Jamiyat
−
21 may
19097Toshkent shahri hududida 6,5 va undan yuqori balli zilzilalar sodir bo‘lish xavfi bor. Bu haqda bugun, 21 may kuni o‘tkazilgan brifingda Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Sharafova ma’lum qildi.
Toshkent shahri hududi seysmik potensiali yuqori bo‘lgan zonada joylashgan bo‘lib, tarixiy va instrumental ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, shahar hududida 1868, 1886, 1924 va 1966 yillarda magnitudasi 6,5, 6 va 5,3, seysmik jadalligi bo‘yicha 7,8-9 ballik zilzilalar qayd qilingan. Shuningdek, 1980 yilda magnitudasi 5,5 ball bo‘lgan, seysmik jadalligi 8 ballga teng Nazarbek zilzilasi sodir bo‘lgan.
Sharafovaning bildirishicha, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti olimlari tomonidan kuchli zilzilalar ta’sirida Toshkent shahrining talafotlanish darajasini iqtisodiy baholash imkonini beruvchi raqamli simulyatsion modeli ishlab chiqilgan.
"Loyihani amaliyotga tatbiq etish orqali zamonaviy IT-texnologiyalari asosida Toshkent shahrining muhandis-geologik sharoitini va bino-inshootlarning konstruktiv turlarini hamda ularning seysmik zaifliklarini aniqlab hisobga olgan holda, hududda sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan 7, 8 va 9 ballik zilzilalardagi iqtisodiy talafotlarini baholashning ilmiy asoslangan simulyatsion modeli ishlab chiqiladi", deydi u.
Qayd etilishicha, tadqiqot natijasida grunt va binolarning tizimli tebranish xususiyatlari aniqlanadi va epitsentral zonalardagi va undan tashqarisidagi seysmik tebranishlarning tarqalishi va so‘nish ko‘rsatkichlari matematik modellashtirish asosida baholanadi. Shuningdek, Toshkent shahrida qurilgan bino va inshootlarning har bir konstruktiv turi uchun seysmobardoshlik bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratiladi va ular GIS platformasiga joylashtiriladi.
Toshkent shahri hududida sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan zilzila o‘choqlarining seysmik xavfi baholanadi.
Ishlab chiqiladigan kuchli zilzilalarni simulyatsion modellashtirish texnologiyasi dastlab Toshkent shahri hududi misolida, keyin “Raqamli geoportal” axborot tizimi mavjud shaharlar hududlari bosqichma-bosqich barcha viloyat markazlari va yirik aholi punktlari hududlariga joriy etiladi.
"Natijada, qurilish ob’ektlari uchun joy ajratish va loyihalash masalalarini hal qilishda bo‘lishi mumkin bo‘lgan kuchli zilzilalarda hududlarda keltirib chiqaradigan seysmik talafotlar yuqori bo‘lgan hududlarda zilzilabardosh bino-inshootlarni qurish va loyihalashda, kuchli zilzilalarda yetkaziladigan zararlarni kamaytirish chora-tadbirlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish, aholi va hududning seysmik xavfsizligini ta’minlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi", deydi Gulnoza Sharafova.
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning 1 yanvar holatiga Toshkent shahrida 981 331 ta oila (uch millionga yaqin kishi) 11 258 ta ko‘p qavatli uylarda va 204,1 mingta yakka tartibdagi uylarda istiqomat qiladi. Bu ko‘rsatkich yildan yilga ortib bormoqda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr