Toshkentdagi GESdan 24 yoshli yigitning jasadi topildi
3-sahifa
−
20 noyabr
14268Bugun, 20 noyabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan 4-sonli GESdan 24 yoshli yigitning murdasi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 12 noyabr kuni fuqaro S.X. 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Chilonzor tumani “Beshyog‘och” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Anhor” kanalida rus millatiga mansub erkak kishining cho‘kib ketgani bo‘yicha xabar bergan. Ushbu xabar asosida Chilonzor tumani IIO FMB tezkor-tergov guruhi va FVV xodimlari voqea joyiga chiqib, kanalda cho‘kib ketgan shaxsni topish choralari ko‘rilgan va holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv hujjatlari to‘plangan.
Bundan tashqari, 13 noyabr kuni Uchtepa tumani 24-mavze 6-uy 19-xonadonda istiqomat qiluvchi G.I. Uchtepa tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2000 yilda tug‘ilgan o‘g‘li A.B. 11 noyabr kuni taxminan soat 15:30 da uyidan chiqib ketib bedarak yo‘qolganini bildirgan hamda uni topishda amaliy yordam so‘ragan.
20 noyabr kuni soat 08:45 da Chilonzor tumani IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, tumanning Beshyog‘och ko‘chasi 1A-uyda joylashgan 4-sonli GESdan 2000 yilda tug‘ilgan A.B.ning jasadi topilgan.
Hozirda A.B.ning bedarak yo‘qolgani bo‘yicha Uchtepa tumani prokuraturasiga tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani munosabati bilan uning murdasi topilgani bo‘yicha to‘plangan tergovga qadar tekshiruv hujjatlari Uchtepa tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida ariqdan 46 yoshli erkak o‘lik holda topilgandi. O‘lim sababini aniqlash maqsadida tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, erkakning o‘limiga nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan, uning tanasida jarohatlar aniqlanmagan.