Toshkentda 5 mlrdlik noqonuniy import bilan shug‘ullanayotgan MCHJ rahbarlari qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi bir nechta MCHJlarning rasmiy va norasmiy rahbarlari, ularning noqonuniy faoliyatida ishtirok etuvchi fuqarolar  tezkor tarkibiy tuzilmalar tomonidan kuzatuvga olindi. Tezkor kuzatuvlar davomida birlamchi shubhalar o‘z tasdig‘ini topdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Kecha, 4 oktyabr kuni Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga karshi kurashish va bojxona auditi hamda Korrupsiyaga karshi kurashish va o‘z xavfsizlik bo‘limlari tomonidan “Chuqursoy” bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Davlat byudjetiga bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida yirik miqdordagi import tovarlarni past stavkali tovarlarga almashtirish bilan shug‘ullanib kelgan, puxta o‘ylangan jinoiy sxemaga asoslangan jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, oldindan tuzilgan rejaga ko‘ra tashkilot nomiga xorijdan import qilingan yuqori stavkali generator, suv purkagich, changyutgich, kiryuvgich kabi qimmatbaho xo‘jalik uskunalari va qurilish anjomlari “vaqtincha saqlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, o‘z omborida yuqoridagi tovarlar o‘rniga jinoiy guruh a’zolari tomonidan soxta yo‘l-yuk kuzatuv xujjatlarida ko‘rsatilgan qulf, elektrod, tokqaychi va arra kabi 16 turdagi tovarlarga almashtirilayotgan vaqtda to‘xtatib qolingan. 

Yuk egalari ushbu jinoyatni amalga oshirish uchun jinoiy guruhga 20 nafar shaxslarni yollab, har birining vazifalarini taqsimlashgan. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra yo‘l-yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan va ashyoviy dalil sifatida olingan 31 turdagi 4214 dona tovarlarning umumiy qiymati 5 milliard so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Jinoiy guruhning g‘araz maqsadlari amalga oshganda edi, davlatimiz g‘aznasiga bor-yo‘g‘i 1 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirilib, 4 milliard 500 million so‘mlikdan ortiq zarar yetkazilar edi.

Mazkur aniqlangan qonunbuzarlik holati yuzasidan hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati esa bojxona auditidan o‘tkaziladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Davlat bojxona qo'mitasi

Baholaganlar

250

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing