Xohlagan ishni qiladigan davr o‘tdi – Allamjonov mutasaddilarni OAV bilan kurashni to‘xtatishga chaqirdi
Jamiyat
−
01 Oktabr 2020
7422Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov OAV va blogerlarga bosim o‘tkazishni qoralab, ular bilan hamkorlik qilish va to‘g‘ri ishlash kerakligini aytib chiqdi.
Komil Allamjonovning so‘zlariga ko‘ra, matbuot sohasida qabul qilingan har qanday qonun, jurnalist va blogerlarni huquqiy tomondan yanada chiniqtiradi. Ammo soha vakillari hech nimaga qaramay yozishda davom etaveradi.
“Bu kasb egalariga jazo qanchalik og‘ir bo‘lsa, shunchalik xato qilmaslikka harakat qiladi, o‘z ustida ishlaydi. Ijodkor xalqi shunaqa bo‘ladi”, deydi Allamjonov.
Uning ta’kidlashicha, jazo qanchalik og‘ir bo‘lsa, ijodkorlar yo‘ xato qilmay yozishga yoki yashirincha ijod qilishga o‘tadi. Ammo to‘xtamaydi.
“Cho‘lpon, Abdulla Qodiriylar yashagan davrlarda ijodkorlarga o‘lim (otuv) jazosi bilan ham tahdid qilingan. Bu bilan nima, ular ijodni to‘xtatib qo‘yganmi? Yo‘q! Ular yashirincha ijod qilavergan. Hozir ham xuddi shunday.
Jazo qancha og‘irlashsa ham, jurnalist yoki bloger yozishni baribir to‘xtatmaydi. U anonimga aylanadi yoki qonunlarni buzmaydigan mustahkam asoslangan haqiqatni yozadi.
Yozaveradi, yozaveradi, qonunni buzmagan holda yozaveradi. Chunki bu soha vakillari ancha ziyrak, zukko va ko‘proq vatanparvar bo‘ladi. O‘z jonini garovga qo‘yib bo‘lsa-da, yozaveradigan hamkasblarimiz bor”, deydi Komil Allamjonov.
Shundan so‘ng, u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mutasaddilarga qarata OAV bilan hamkorlik qilish kerakligi haqidagi aytganlarini eslatib, masu’llarni matbuot bilan ishlashga chorladi.
“Kecha Prezidentimiz aytganlaridek, hurmatli mutasaddi xodimlar, matbuot bilan ishlashni o‘rganmas ekan, faqat o‘ziga zarar bo‘laveradi. Matbuot bilan kurashish emas, ular bilan ishlash kerak. Xohlagan ishni qiladigan davr o‘tdi”, deydi fond raisi.
Allamjonov informatsiyani berkitib bo‘lmaslikni tushunadigan payt allaqachon kelganini, hozir har bir smartfon egasi belgilangan qonunlarga asosan bloger bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
“Biz kuchli fuqarolik jamiyati barpo etyapmiz. Juda katta g‘ildirak joyidan qo‘zg‘algan. Endi orqaga yo‘l haqiqatda ham yo‘q. Zamon talabi ham faqat shu! Adolatparvar ijodkorlarni yaratgan ustozlarga ta’zim Bayramingiz muborak!”, deya so‘ziga yakun yasagan Komil Allamjonov.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosim ishtirok etdi. Davlat rahbari tadbirda yana bir bor ommaviy axborot vositalari faoliyati, mamlakatdagi so‘z erkinligi xususida fikr yuritdi. Xususan, u shunday dedi:
“Xalq ovozi ularni [hokimlarni] sergak bo‘lishga, sergak yurishga, sergak ishlashga, har bir gapini o‘ylab gapirishga majbur qilishi kerak. O‘zbekiston hozir ochiq, oldingidek yopib qo‘yishga ilojimiz yo‘q. Chegaralarni yopmaymiz endi. Internet yopilmaydi. Ommaviy axborot vositalariga yana bir marta minnatdorlik bildirmoqchiman. Ular bilan muloqot qilmagan rahbarlarning kelajagi bo‘lmaydi”.
LiveBarchasi