Toshkentda 22 yoshli yigit 19 yoshli tanishini pichoqladi
3-sahifa
−
23 may 10389 2 daqiqa
Kecha, 22 may kuni Toshkent shahar Olmazor tumanida 2003 yilda tug‘ilgan yigit 2006 yilda tug‘ilgan tanishini o‘zaro kelishmovchilik sabab pichoq bilan jarohatladi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, taxminan soat 20:00 larda Olmazor tumani “Chustiy” mahallasi hududida 2003 yilda tug‘ilgan A.S. o‘zining tanishi 2006 yilda tug‘ilgan S.O‘. bilan o‘zaro kelishmovchilik sababli tortishib qolgan va o‘zaro janjallashib ketgan. Janjal vaqtida fuqaro A.S. o‘tkir tig‘li jism bilan S.O‘. ga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi ko‘krak qafasi orqa sohasi chap tomon kesib sanchilgan jarohati tashxisi bilan shifoxonaga joylashtirilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “m” bandi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish – qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yunusobod tumanining Yunusobod dehqon bozori hududida xizmat olib borayotgan Yunusobod tumani IIO FMB Post-patrul xizmati inspektori pichoqlab ketilgan edi. Keyinroq olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumondor shaxs ushlanib, uning 2005 yildan beri ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turgani aniqlangan.