Toshkentda 15 yoshli qiz bilan jinsiy aloqa qilgan yigitga yangi hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Toshkentda 15 yoshli qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgan yigitga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2003 yilda tug‘ilgan Sh.X. ismli yigit o‘tgan yilning kuzida voyaga yetmagan jabrlanuvchi D.Sh. (2007 yilda tug‘ilgan) bilan jinsiy aloqa qilgan. U Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2023 yil 13 apreldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy harakatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan Sh.X. 2022 yil 26 oktyabrdan 28 oktyabrga qadar hibsda saqlangan 3 kunining har bir kunini ozodlikni cheklash jazosining bir kuniga tenglashtirgan holda chegirib tashlash yo‘li bilan o‘tash uchun 2 yilu 11 oy 27 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilib, uning zimmasiga:

•  kafe, bar, restoran va boshqa ko‘ngilochar joylarga bormaslik;

•  ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;

•  mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Toshkent shahri hududidan tashqariga chiqmaslik; 

•  jabrlanuvchi D.Sh. bilan ko‘rishmaslik va har qanday usulda u bilan suhbatlashmaslik;

•  alkogoli ichimliklar iste’mol qilmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar (cheklashlar) yuklatilgan.

Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan keltirilgan protestga asosan ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining joriy yil 13 apreldagi hukmi o‘zgartirilgan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atining joriy yil 18 maydagi ajrimi ko‘ra X.Sh.ning zimmasiga 2023 yil 13 apreldagi sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan so‘ng:

•  nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash, ish hamda o‘qish joyini o‘zgartirmaslik;

•  internet tarmoqlaridan foydalanilmaslik kabi taqiqlar (cheklashlar) qo‘shimcha ravishda yuklatilgan.

Mazkur ajrimdan norozi taraflar Jinoyat-protsessual kodeksining 498-moddasi (kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari)ga muvofiq Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkin, deyiladi xabarda.

Shahar sudlarining eslatishicha, Jinoyat kodeksining 13-moddasi (qonunning vaqt bo‘yicha amal qilishi)ning talabiga ko‘ra Sh.X.ga Jinoyat kodeksining 2023 yil 11 aprelga qadar amalda bo‘lgan 128-moddasi sanksiyasi doirasida jazo tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat hukm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing